Ulug‘bek Qosimov: “Hozirgi zamonaviy tibbiyotda onalar va bolalar o‘limining qayd etilishi favqulodda, kechirib bo‘lmas holatdir”

Bugun Sherobod tumanida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasi o‘tkazildi. Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari ishtirok etdi.

Qayd etildiki, keyingi 6 yilda viloyatdagi tibbiyot muassasalari soni 581 taga, birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar 174 taga yetkazildi. Joriy yilning o‘zida 62 ta poliklinika va oilaviy shifokorlik punkti hamda 40 ta mahalla tibbiy punktlari yangitdan tashkil etililishi belgilangan.

Shunga qaramay, sog‘liqni saqlash tizimida o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Xususan, aholi o‘rtasida yuqumli va parazitar kasalliklar o‘sib borayotgani, eng achinarlisi, o‘tgan 3 oy davomida 5 nafar onalar o‘limi, 116 nafar go‘daklar o‘limi qayd etilgani murosa qilib bo‘lmaydigan holatdir.

Onalar va bolalar o‘limi holati viloyat rahbari tomonidan qattiq tanqid qilindi va ushbu holatlar qayd etilgan tibbiyot muassasalarida viloyat Ishchi guruhi tomonidan o‘rganish o‘tkazilishi, aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo choralari qo‘llanilishi hamda o‘rganish yakunlari kengaytirilgan tarzda muhokama qilinishi belgilandi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi mavjud muammolar yo‘nalishlar va hududlar kesimida ham tanqidiy-tahlil qilindi. Onalar va go‘daklar o‘limiga favqulodda holat sifatida qarab, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha soha mutasaddilari va hududlar rahbarlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.

2 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.