Surxondaryoda “Uch avlod uchrashuvi” boʼlib oʼtdi

Kecha Termiz tumanidagi “Marvarid” dam olish maskanida viloyatimiz shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan nuroniy otaxon va onaxonlar, davlat mukofotlari sohiblari, qishloq xoʼjaligi, ishlab chiqarish, ijtimoiy soha ilgʼorlari, ijodiy tashkilotlar vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” oʼtkazildi.

Turli millat va turli yosh vakillarini mushtarak maqsad yoʼlida bir davraga jam qilgan tadbir doirasida boshqa shu kabi tadbirlardan farqli oʼlaroq ochiq osmon ostidagi amfiteatr atrofida bayram dasturxoni yozildi. Uning atrofida yigʼilganlar dildan suhbat qurishdi. Samimiy muloqotlarda mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish, xalqimizning orzu-umidlarini roʼyobga chiqarish ustuvor vazifaga aylangani taʼkidlandi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov soʼzga chiqib, kirib kelayotgan 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni va "Navroʼz" umumxalq bayrami bilan barchani tabrikladi. Viloyat rahbari yangilanish va yasharish ayyomi boʼlgan "Navroʼz" kirib kelishi munosabati bilan viloyatimizda keng koʼlamli obodonlashtirish, koʼkalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini taʼkidlab, bu ishlarning borishida keksa nuroniylarimiz yoshlarga yoʼl-yoʼriq koʼrsatib, oʼrta yosh va yoshlar vakillari esa olib borilayotgan ishlarda faol boʼlib, oʼz hissalarini qoʼshishga chaqirdi.

Bu boradagi ishlarni amalga oshirish voha ahlining “bir yoqadan bosh chiqarib”, birlashib, birgalikda bir kuch boʼlib harakat qilmogʼi lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” gʼoyasi ostida olib borilayotgan islohotlarning viloyatdagi ijrosi, aholi turmush farovonligini oshirish, vohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli ishlar xususida toʼxtalib oʼtildi.

Tadbirda el suygan, Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston xalq artisti Mahmud Namozov va boshqa sanʼatkorlarning Ona Vatan, doʼstlik, ezgulik, hamjihatlik, mehr-muhabbat va tinch-totuv hayotni tarannum etuvchi kuy-qoʼshiqlari barchada iliq taassurot oʼygʼotdi.

Tadbir yakunida nuroniylar mamlakat tinchligi va ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini tilab, duoga qoʼl ochishdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.