Seminar: Surxondaryo viloyatida “Sayxunobod tajribasi” amalda

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 mart kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifida butun respublikamiz bo‘ylab “Sayxunobod tajribasi” asosida aholini tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish ishlarini joriy etish topshirilgan edi. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamov va viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Surxondaryo viloyatida “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Seminar avvalida mehmonlar “Tinchlik yoshlar tadbirkorlik va sanoat zonasi” faoliyati, bu yerda yoshlarga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Xususan, yangi biznes loyihalar uchun uskuna va jihozlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Shundan so‘ng, videoselektor shaklida o‘tkazilgan seminarda viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, boshqarma va idoralar mutasaddilari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi. Aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish va tadbikorlikka jalb etish orqali bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish bo‘yicha qator imkoniyatlar yaratib berilayotganligi qayd etildi.

Xususan, joriy yildan boshlab garovsiz kreditlarni olish miqdori 100 mln so‘mga oshirildi, aholini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish maqsadida maxsus o‘qishlar tashkil etildi. “Sayxunobod tajribasi” asosida viloyatdagi barcha mahallalarda ishlar tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, kredit mablag‘lari ajratish, aholining tomorqadan samarali foydalanishi, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa uy sharoitida daromad olish mumkin bo‘lgan loyihalar uchun kredit paketlari bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu borada yaxshi natijaga erishgan mahallalar, oilalar hamda tadbirkorlar tajribalarini ommalashtirish lozimligi qayd etildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.