Vengriyaga tashrif: Ikkinchi kun muzokaralarda 47 mln dollarlik shartnomalar imzolandi

Xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligidagi delegatsiyamiz Vengriya davlatida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Kecha tashrifning ikkinchi kunida Chongrad-Chanad viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Seged shahrida qator uchrashuv va tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, Chongrad-Chanad viloyati hokimligida uchrashuv o‘tkazildi va Seged universiteti hamda “Bonafarm” kompaniyasining chorvachilik fermasi va sutni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Ikki hudud tadbirkorlari ishtirokida o‘zaro hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalarida muzokaralar o‘tkazildi.

Uchrashuv va muzokaralar yakunida kelishuvlarga erishildi hamda hamkorlik memorandumlari va shartnomalar imzolandi. Xususan, “ArchEnerg Cluster” klasteri bilan quyosh energiyasi va geotermal energiyadan foydalanish, biomassani qayta ishlash, Seged universiteti va "Young Adults" MChJ o‘rtasida IT sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash, “Bonafarm” kompaniyasi va “Pomir Agroklaster” MChJ o‘rtasida zotdor chorva mollarini yetkazish, sutni qayta ishlash va mutaxassislar ko‘nikmalarini oshirish, “ECO Engineering” MChJ bilan parrandachilik kompleksi loyihasini qurish, “DOPPELMAYR” kompaniyasi va “Denov oltin don” MChJ o‘rtasida dor yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumani va Seged shahri o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Delegatsiyamizning Vengriyaga tashrifi bugun Budapesht shahrida davom etadi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.