Obod xonadon, obod ko‘cha obod mahalla: Surxondaryoda 75 ta mahallaning infratuzilmasi mezon asosida yaxshilandi

Xalqimizda yaxshi bir an’ana bor, bayramlarga aholimiz uchun tuhfalar tayyorlanadi, yangi ob’ektlar, binolar foydalanishga topshiriladi. Bu yilgi “Navro‘z” umumxalq bayramida ham surxondaryoliklar uchun bayram sovg‘asi sifatida 75 ta mahallada “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” mezonlari asosida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bugun foydalanishga topshirildi.

Videokonfrensaloqa shaklida viloyatning 15 ta hududidagi 75 ta mahalla bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Dastlab, viloyat rahbari Termiz shahri mahallaridan birida tashkil etilgan bayram sayllariga tashrif buyurib, nuroniylar va faollar bilan suhbatlashdi. Yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayram tadbirlari, konsert dasturlari, milliy urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan chiqishlar tadbirga o‘zgacha zavq-shavq ulashdi.

Shundan so‘ng, hududlar bilan videokonfrensaloqa shaklida muloqot qilinib, faollarning fikr va mulohazalari tinglandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida voha aholisining turmush farovonligi yanada yaxshilanganligi, infratuzilma rivojlanib, odamlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi ta’kidlanib, davlatimizga minnatdorchiliklar bildirildi.

Xususan, mezonlar asosida viloyatimizdagi 75 ta mahallada obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi natijasida 9 mingta uy-joy ta’mirlandi, 604 ta ko‘chadagi yo‘llarning 64 km qismi asfaltlandi, 653 km qismida shag‘allashtirish va betonlash ishlari amalga oshirildi. Hududlarda 5 ta ko‘prik yangidan qurildi va 2 ming kvadrat metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi.

Kommunal xizmatlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida 82 km ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlandi, 19 ta yangi suv inshooti o‘rnatildi. Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 2 mingdan ziyod beton ustunlar o‘rnatildi, 149 km yangi elektr tarmog‘i tortildi va 68 ta transformator punktlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, 23 mingta foydalanilmayotgan tomorqa shudgorlanib, ekin ekildi. Aholining undan foydalanib, daromad olishi uchun sharoit yaratildi. 655 km ariqlar qazilib, 126 ming dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Mahallalardagi 2 ming tonnadan ziyod chiqindilar olib chiqilib, tozalandi. Ushbu mahallalarda 57 ta yangi ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi va 65 tasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Faollar bilan muloqot davomida har bir mahallada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolardan kelib chiqib, ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Viloyat rahbari so‘zining so‘ngida tadbir ishtirokchilari hamda vohamiz ahlini yana bir bor Muborak Ramazon oyi hamda “Navro‘z” umumxalq bayrami bilan tabrikladi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.