To'ra Bobolov Afg'onistondan Surxondaryoga investitsiya kiritish istagida kelgan tadbirkorlarni ham qabul qildi

Surxondaryoda o'z biznesini yuritayotgan afg'onistonlik ishbilarmonlarning yutuq va muammolarini tinglab, o'rtaga tashlagan masalalariga e'tibor qaratgan To'ra Bobolov bugun Afg'onistondan Surxondaryo viloyatiga investitsiya kiritish istagida kelgan 20 dan ortiq tadbirkorni ham qabul qildi.

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining bevosita g'oyasi asosida vohaga xorijiy investorlarni jalb etish, ularga qo'shimcha qulayliklar berish uchun Afg'oniston Islom Respublikasi va Surxondaryo viloyati chegara oldi hududida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va “Termiz xalqaro savdo markazi” tashkil etilayotgani mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari uchun qulay imkoniyat yaratayotir.

26 gektar maydonda barpo etilayotgan “Termiz” xalqaro savdo markazida zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash xizmatlari, elektron savdo portallari tashkil etilib, ikki davlat ishbilarmonlari uchun to'liq savdo-sotiq qilish muhiti yaratiladi.

Qabul chog'ida qo'shni davlat sarmoyadorlari viloyatning boy tadbirkorlik salohiyati, xorijlik investorlar uchun mavjud imtiyozlar, preferentsiyalar, mamlakatlarimiz ishbilarmonlari doirasining teng sheriklikka asoslangan o'zaro hamkorlik aloqalari haqida yetarli ma'lumotga ega bo'ldi.

– Mana, Amudaryoning shundoq yonida davlatimiz rahbari g'oyasi bilan “Termiz” xalqaro savdo markazini barpo etayapmiz, – dedi viloyat hokimi T.Bobolov. –Bu yerda nafaqat, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari balki, sizlar ham o'z mahsulotingizni olib kelib, sotish imkoniyatiga ega bo'lasiz. Qadimdan yaqin do'st va ishonchli hamkor bo'lib kelgan yon qo'shnimizni qo'llab-quvvatlash bizga ajdodlardan qolgan sharafli burchdir.

Mehmonlar “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi rahbari Ulug'bek Sapiyevning Termiz tumanidagi Ayritom mahallasi hududida barpo etilayotgan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va “Termiz” xalqaro savdo markazida yaratilayotgan zamonaviy sharoit va qulayliklar to'g'risidagi taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Afg'onistonlik ishbilarmonlar samimiy qabul uchun viloyat hokimiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasining Mozori Sharif shahridagi konsuli Javhar Fattoyev ishtirok etdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.