Motokrosschilar Surxondaryoda bellashdi

Jarqo'rg'on tumanidagi “Qizilmozor” motoso'qmog'ida O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat kengashi tomonidan janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo'mondonligi, tuman hokimligi hamkorligida sportning “Motokross” turi bo'yicha respublika chempionati va birinchiligi I-bosqichi hamda Mehnat qahramoni Norali Boymurodov xotirasiga bag'ishlangan musobaqa yakunlandi.

Ikki kun davom etgan bellashuvning ilk kunida 18 yoshgacha bo'lgan 40 nafar sportchi 65, 85, 125 sm3 hajmli mototsikllarda o'z mahoratini namoyish etdi.


Bugun bo'lib o'tgan O'zbekiston chempionati va birinchiligi musobaqasining ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi o'rinbosari Ch. Begimqulov, Janubiy operativ qo'mondonligi boshlig'i, polkovnik P. Sativaldiyevlar so'nggi yillarda mamlakatimizda sportning barcha turlarini ommaviylashtirishga qaratilayotgan e'tibor jismonan sog'lom yosh avlodni kamol toptirib, ularning Vatanga muhabbat, ajdodlar jasoratiga hurmat ruhini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi.


Motoso'qmoqda boshlangan O'zbekiston chempionati va birinchiligi musobaqalarida 18 yoshdan katta bo'lgan 80 dan ortiq sportchi 125, 350, 500, 750 sm3 hajmli mototsikllarda o'z kuchi va texnikani boshqarish san'atini sinovdan o'tkazib, tomoshabinlarga o'zgacha zavq bag'ishladi.

Qizg'in baxslarga boy bo'lgan musobaqada Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 126 nafar 9 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan yoshlar hamda 18 yoshdan kattalar qatnashdi.


Bayramona o'tgan bellashuv doirasida Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrugi Janubiy operativ qo'mondonligi zamonaviy yangi harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko'rgazmasini tashkil etdi. Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi sportning “Stol tennisi” va “Arqon tortish” turlari bo'yicha musobaqalar uyushtirdi.

O'zbekiston birinchiligi musobaqasida umumjamoa hisobida birinchi o'rinni Buxoro viloyat kengashi, ikkinchi o'rinni Andijon viloyat kengashi va uchinchi o'rinni Surxondaryo viloyat kengashi terma jamoalari egalladi.


Mamlakat chempionati bellashuvlarida umumjamoa hisobida birinchi o'rinni Navoiy viloyat kengashi, ikkinchi o'rinni Buxoro viloyat kengashi, uchinchi o'rinni Toshkent viloyat kengashining jamoalari qo'lga kiritdi.

Musobaqada g'olib bo'lgan jamoa va sportchilarga “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi hamda boshqa hamkorlarning diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alari topshirildi. Shuningdek, besh nafar ishtirokchi eng yosh sportchi, eng yoshi katta sportchi, eng yaxshi hakam, eng yaxshi trener va qiz bola sportchi nominatsiyalari bo'yicha faxriy yorliq va sovg'alar bilan taqdirlandi.


Tadbirda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi sportchilari sportning kurash, boks va boshqa turlari, Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrug janubiy operativ qo'mondonligi harbiy xizmatchilari sportning qo'l jangi turi bo'yicha ko'rgazmali chiqishlarini namoyish etdi. San'atkorlarning qiziqarli kontsert dasturi barchaga bir olam quvonch ulashdi.

 

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.