Jahon banki Surxondaryoning 7 ta hududida shahar infratuzilmasini rivojlantirish loyihasini qo'llab-quvvatlaydi

2019 yil 30 iyulda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “O'rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilingan bo'lib, ushbu qaror asosida hududlardagi o'rtacha shaharlarda hayot darajasini yaxshilash bo'yicha loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolovning Jahon banki missiyasi loyiha rahbari Rozanani Nitti, O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “O'rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihalarini amalga oshirish guruhi direktori G.Ataxanov va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan o'tkazgan uchrashuvida viloyatning 7 ta hududida amalga oshiriladigan shahar infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi haqida so'z yuritildi.

Ta'kidlanganidek, Surxondaryo viloyatining tanlab olingan Boysun, Qumqo'rg'on, Sho'rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Uzun tumanlari hamda Sharg'un shaharchasi infratuzilmasini rivojlantirish loyihasini amalga oshirishdan ko'zlangan maqsad o'rtacha shaharlarda hayot darajasini yaxshilash hamda hukumatning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga yordamlashishdir.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 100 mln dollardan 140 mln dollargacha imtiyozli kredit taqdim etilib, ushbu mablag'lar hududlardagi ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta'minoti hamda kanalizatsiya tizimini yaxshilashga yo'naltiriladi. Hozirda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

Uchrashuv chog'ida loyihani amalga oshirish doirasidagi vazifalar belgilab olindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.