Xatlon viloyati delegatsiyasi Surxondaryoga tashrif buyurdi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati raisi Davlatali Said boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan viloyatimizga keldi.

Delegatsiyani O‘zbekiston-Tojikiston davlatlari chegarasida joylashgan “Gulbahor” bojxona chegara postida Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlari, Termiz tumani hokimi va boshqa rasmiylar tantanali kutib oldi.

Shundan so‘ng, Xatlon viloyati raisi Davlatali Said viloyatimiz rahbari Ulug‘bek Qosimov hamrohdigida Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida, Termiz tumani hududida joylashgan “Termiz xalqaro savdo markazi” - “Airitom free zone” bilan tanishdi.

Markaz hududida barcha davlat fuqarolarining 15 kun davomida viza rasmiylashtirmasdan kirish va chiqish hamda multivalyuta bilan savdo qilish imkoniyati yaratilganligi, O‘zbekiston va Tojikiston, xususan, Surxondaryo va Xatlon viloyatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Shuningdek, markazga tojikistonlik tadbirkorlarni ham jalb qilish, bu orqali nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki dunyo davlatlari bilan savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish masalalari qayd etildi.

Shundan so‘ng, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida Xatlon viloyati delegatsiyasiga Surxondaryo viloyatining foydali qazilmalari, tog‘-kon va geologiya sanoatidagi salohiyati taqdimot qilindi. Unda ikki hudud tadbirkorlari ham ishtirok etdi.

Taqdimotda geologiya sanoatidagi investitsion salohiyati, neft va gaz, toshko‘mir, polimetall, osh tuzi konlari, gips, granit, argillit kabi qurilish materiallari, mineral suvli buloqlari haqida ma’lumotlar berildi hamda ushbu yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyiha takliflari bilan ham tanishtirildi.

Vohamizga amaliy tashrifini davom ettirayotgan Xatlon viloyati raisi Davlatali Said boshchiligidagi delegatsiya “Surxondaryodonmahsulotlari” AJga tashrif buyurdi. Bu yerda mehmonlar “Asl Don - 2024” MChJning don urug‘chiligi hamda un va non mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Mutasaddilar keyingi yillarda don yetishtirish va qayta ishlash sohasida erishilgan natijalar hamda ishlab chiqarish quvvatlari va eksport salohiyati haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, Xatlon viloyati delegatsiyasi Al Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilishdi va majmua bilan yaqindan tanishishdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.