Sho‘rchi tumaniga yangi hokim tayinlandi

Bugun Sho‘rchi tumanida ham Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Sho‘rchi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi.

Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Ulug‘bek Zokirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganligini bildirib, Ishmurzoyev Akbarali Abdujabborovich nomzodini Sho‘rchi tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Akbarali Ishmurzoyev 1982-yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2003- va 2009-yilda Termiz davlat universtetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – transport vositalaridan foydalanish, moliya.

Faoliyati davomida ijro hokimiyati organlarida turli lavozimlarda, xususan, Uzun va Angor tumani hokimining o‘rinbosari vazifasida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Ishmurzoyev 2023-yildan buyon Denov tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Viloyat rahbari yangi hokimga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Faollar hamda mutasaddilardan yangi hokim atrofida birlashib, tuman rivoji uchun samarali mehnat qilishni so‘radi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.