To‘ra Bobolovning Termiz shahridagi sayyor qabuli 7 soatdan buyon davom etmoqda

Termiz shahridagi San’at saroyi binosida viloyat hokimi To‘ra Bobolov rahbarligida sektorlar, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar hamda Xalq qabulxonasi rahbarlari, shuningdek, shahar hokimligi mutsaddilari ishtirokida ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun ertalabdan boshlangan sayyor qabulda ayni vaqtga qadar 204 nafar fuqaroning elektr energiya, gaz, ichimlik suvi ta’minoti, davolanish, ish bilan ta’minlash, moddiy yordam ajratish va uy-joy ta’miri va boshqa masalalardagi murojaatlari tinglandi. Fuqarolar tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan muammolar sektor rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, murojaatlarning bir qanchasi shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topmoqda.

Jumladan, Jumladan, Termiz shahar “Bog‘zor” mahallasida yashovchi Muhabbat Bekmurodovaning ichimlik suvi ta’minoti masalasidagi murojaati yuzasidan mas’ullarga fuqaroning uyiga quvur tortish bo‘yicha topshiriq berildi.

Termiz shahri “Mexrobod” mahallasidan farzandini davolatish uchun moddiy yordam so‘rab kelgan Muqaddas Qurbonovaning murojaati ham joyida ijobiy hal etildi. Viloyat rahbari tomonidan Muqaddas Qurbonovaga farzandini davolatish uchun moddiy yordam ajratib berildi.

Termiz shahri “Guliston” mahallasida yashovchi Parvina Azimovaning imkoniyati yetishmayotganligi sababli sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam so‘rab qilgan murojaati ham viloyat hokimi tomonidan shu yerning o‘zi hal etilib, ishsiz bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini ishga joylashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

O‘zim tadbirkorlik bilan shug‘ullansamda, farzandim va kelinim nogiron bo‘lganligi sababli qiynalib qolib, viloyat hokimidan amaliy yordam so‘rab kelgan edim, – deydi termizlik non va non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Xadicha Jo‘raeva, - biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatimizga rahmat, tadbirkorlik faoliyatimni rivojlantirish uchun amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatim hokimimiz tomonidan hal etilib, menga qurilish materiallari ajratib beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, “Jo‘yjangal” mahallasida yashovchi Tamara opa Shodmonovaning oilaviy sharoiti inobatga olinib, farzandini uylantirish uchun uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Sayyor qabulda ishtirok etish uchun hozirga qadar 289 nafar fuqaro ro‘yxatga olindi. Qabul davom etmoqda.

1 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.