To‘ra Bobolov: "Obodlik va tozalik bo‘lgan joyda baraka bo‘ladi"

Bugun soat 7:00 da Termiz shahridagi Yoshlar markazida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarmalari, Termiz shahar sektorlari va tegishli tashkilotlar rahbarlari, shahar kengashi deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida viloyat markazining obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va tozalik ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda shaharning ayrim hududlarida ozodalik, saranjom-sarishtalik ko‘zga tashlanmayotgani, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, atrof-muhit obodonchiligida xunuk manzara kasb etayotgan chiqindilarni o‘z vaqtida tashib chiqarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, aholining uy va hovlilari atrofini tozalash va atrof-muhitga bo‘lgan shaxsiy mas’uliyatini oshirish zarurligi aytildi.

– Bugun viloyatimiz markazi yurtimizning go‘zal, obod va tinch shahriga aylanib bormoqda. Bu yerga turli davlatlardan kelayotgan sayyohlar oqimi ham kundan-kunga ko‘paymoqda. Biroq, aholi va vohamiz mehmonlarining tozalikka bo‘lgan talabini ko‘ngildagidek qondira olayapmiz, deb aytib bo‘lmaydi. Bu talabni qondirish uchun esa barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil harakat qilishimiz kerak, – dedi viloyat hokimi.

Har bir ko‘cha va yo‘laklar, turar-joylar, ko‘p qavatli uylar atroflari, bozorlar va istirohat bog‘larining tozaligi va ozodaligini saqlash, mahallalarda gul va daraxt ko‘chatlari ekish, daraxtlarni oqlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, uchrashuvda shahar hududidagi turar joylar, ijtimoiy muassasalar va korxonalarni qish mavsumiga tayyorash holati va mavsumni  betalofat o‘tkazish, aholini elektr, issiqlik, gaz, suv va boshqa hayotiy zarur vositalar bilan uzluksiz ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama etildi. Mutasaddilarga odamlarning farovonligi va roziligini oshirish, aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi, birlamchi extiyoj bo‘lgan ushbu xizmatlarning barqaror ko‘rsatilishini ta’minlash yuzasidan  aniq vazifalar yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.