Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov rahbarligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va kun tartibida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, sektorlar faoliyati, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim masalalalar ijrosi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda viloyat studiyasidan sektor rahbarlari, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, hududiy studiyalardan shahar va tumanlar sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va aloqador hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Kun tartibida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Surxondaryo viloyatining 438 ta mahallasida 2022-2023 yillar davomida amalga oshiriladigan 532 ta tadbir doirasida bajarilayotgan ishlar sarhisobi va o‘tgan yig‘ilishlarda berilgan topshiriqlar ijrosi holati, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi. Tanqidiy ko‘rib chiqilgan ushbu masala yuzasidan viloyat hokimi tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrochilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Keyingi masala ham mahallalardagi sharoitlarni yaxshilashga oid bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 avgustdagi 435-sonli qarorida belgilangan Surxondaryo viloyati shahar va tumanlaridan tanlab olingan mahallalarda ichki yo‘llar ta’miri, ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Ayrim hududlardagi tanlab olingan mahallalarda ishlar sust bajarilayotganligi tanqid qilindi. Bu borada shahar va tumanlar hokimliklari hamda mas’ul boshqarma boshliqlarining hisobotlari tinglandi.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan ikkala masala ham bevosita aholi kayfiyatiga ta’sir qilishini inobatga olib, ishlarni sifatli va o‘z muddatlarida bajarish lozimligi qat’iy ta’kidlandi. Viloyat rahbari davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larning har bir so‘mini belgilangan tadbirlarga yo‘naltirilishi va ishlarning o‘z muddatida bajarilishi nazoratda ekanligini, vazifalar o‘z muddatida va sifatli bajarilmagan taqdirda javobgarlik choralari ko‘rilishi haqida mas’ullarni ogohlantirdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, sektor rahbarlarining faoliyati, mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish hamda aholi bilan muloqot qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali va viloyat Xalq qabulxonasi tomonidan Bandixon tumanida o‘rganish ishlarini olib borish masalasi ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhlarning asosiy vazifasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, ya’ni “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning qay darajada yordam olganliklarini monitoring qilish hamda yordam olmaganlarga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyat hokimi ushbu masala Bandixon tumanida 4 ta Ishchi guruh a’zolari hamda tuman mas’ullari ishtirokida joyiga borgan holda qo‘shimcha muhokama qilinishi va chora-tadbirlar ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Kun tartibida viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 2023 yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar, 2023 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarining borishi, bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash maskanlariga kiritilishi hamda dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer maydonlarining ajratilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar shahar va tumanlar hamda boshqarmalar kesimida muhokama qilindi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning bosh omili bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarga kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida qarab, belgilab berilgan topshiriqlarni o‘z muddatlarida bajarish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, mas’ullarga tegishli vazifa va topshiriqlar hamda ularning ijro muddatlari aniq belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.