To‘ra Bobolov Tatariston Prezidenti bilan uchrashdi

Surxondaryo viloyati va Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, investitsiya va turizmga oid taqdimotlar o‘tkazish maqsadida viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya ushbu mamlakatga yetib bordi.

Tashrifning birinchi kuni viloyat hokimi To‘ra Bobolov Qozon shahrida Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari ishtirokida kengaytirilgan tarzda muzokaralar o‘tkazilib, Tatariston Respublikasi va Surxondaryo viloyati o‘rtasida tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish, iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida viloyat hokimi To‘ra Bobolov va Rustam Minnixanov Tatariston va Surxondaryo viloyati korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, tovar va xizmatlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish hamda gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida Rustam Minnixanov Tatariston Surxondaryo viloyati bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalar faol rivojlanib, o‘tgan yilgi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 200 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga o‘sganligini ta’kidlab o‘tdi.

Viloyatimiz delegatsiyasining Qozon shahriga safari doirasida Tatariston Respublikasining Savdo-sanoat palatasida ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvi, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligida mas’ullar bilan muzokaralari hamda Tataristonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tadigan Yagona taqdimot markazi, yuqori texnologiyalar sohasidagi texnopark – IT-park, shuningdek, Qozon federal universitetiga tashrifi rejalashtirilgan.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.