Tahlil, tanqid va natijalar sarhisobi – kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “daftarlar”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, muammoli kreditlarni so‘ndirish hamda eksport va byudjet prognoz rejalarining bajarilishi yuzasidan videoselektor o‘tkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda dastlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” ijrosi muhokama qilindi. Tadbir yakuniga ham sanoqli kunlar qolgan bo‘lsada, rejalashtirilgan 6 mln 5 ming ko‘chat ekish ishlari sust olib borilayotganligi, ayrim tumanlarda ishlar sifatsiz yo‘lga qo‘yilganligi qattiq tanqid qilindi. Mas’ullarga tez kunlarda o‘zgarish qilmagan taqdirda tegishli choralar ko‘rilishi bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” platformalariga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash borasida olib borilayotgan ishlar ahvoli ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Yil yakuniga sanoqli haftalar qolganiga qaramay “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga manzilli amaliy yordamlar ko‘rsatish ishlari Angor va Qumqo‘rg‘on tumanlarida 95 foizga, Muzrabot va Jarqo‘rg‘on tumanlarida 96 foizga bajarilgan xolos.

“Yoshlar daftari” platformasida reyting natijalariga ko‘ra Sherobod tumani 70,4 foiz, Angor tumani 72,8 foiz, Sariosiyo tumani 76,9 foiz va Termiz tumani 77,0 foiz bilan viloyat ko‘rsatkichidan past ekanligi, bu borada ushbu tumanlarda ishlar to‘g‘ri tashkil etilmaganligidan dalolat beradi.

Viloyat rahbari shahar va tumanlar hamda sektorlar kesimida “daftarlar” bilan ishlash bo‘yicha ishlar sarhisobini tahlil qildi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi uchun qator tumanlar hokimliklari va boshqarmalarning mas’ullari ogohlantirilib, faoliyatida o‘zgarish qilmasa qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, joriy noyabr oyida eksport va byudjet tushumlarining bajarilishi hamda muammoli kreditlarni so‘ndirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlili ham ko‘rib chiqildi. Eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi bu viloyatimizga qo‘shimcha valyuta kirib kelishini ta’minlaydi. Byudjet ko‘rsatkichlarining bajarilishi esa ijtimoiy sohani rivojlantirish, ko‘makka muhtoj, “daftarlar”da ro‘yxatga olingan fuqarolarga yordam ko‘rsatish manbasi hisoblanadi.

Ushbu masalada ayrim shahar va tumanlar hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari va boshqarmalar rahbarlarining mas’uliyatsizligi tufayli belgilangan rejaning bajarilishi ortda qolayotganligi aytib o‘tildi.

Mas’ullarning muammoli kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha olib borayotgan ishlari ham qoniqarsiz ekanligi qayd etilib, ushbu masala alohida qo‘shimcha muhokama qilinishi, muammoli kreditorligi bo‘lgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilishi belgilandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.