Bobotog'liklarning hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qiladigan tarixiy hujjat qabul qilindi

Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov bobotog'liklar bilan uchrashib, ularni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog' hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar bilan tanishtirdi.

Kecha, 2021 yilning 17 fevralь kuni qabul qilingan ushbu tarixiy hujjat Uzun tumanining Bobotog' hududida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligi sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o'rinlarini yaratish, yangi bog' va uzumzorlarni tashkil etish, pillachilik va chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik ishlarini va veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish, shuningdek, elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash, tibbiy va aloqa xizmatlari sifatini oshirishni ko'zda tutadi.

Qarorga muvofiq, hududda tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2024 yilning 1 yanvariga qadar yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub'ektlari, shu jumladan klaster tashkilotlari, jismoniy shaxslar soliqlarning 50 foizini to'lashdan ozod qilinadi.

Tadbirkorlik sub'ektlarining biznes loyihalarini moliyaviy qo'llab- quvvatlash maqsadida 10 milliard so'mdan kompensatsiya berish, hududda tunu-kun xizmat ko'rsatuvchi navbatchi hamshiralik guruhini tashkil etish, 2021/2022 o'quv yilidan boshlab kelgusi uch o'quv yili davomida yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, viloyatdagi pedagogika va tibbiyot yo'nalishlaridagi oliy ta'lim muassasalariga ular uchun qo'shimcha maxsus kvotalar ajratilishi ta'minlanadi.

Qaror bilan tasdiqlangan “2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog' hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi”ga muvofiq, 2021-2023 yillar davomida Bobotog' hududida 2882 gektar yer maydoni foydalanishga kiritilib, sabzavot, poliz va dukkakli don ekinlari joylashtiriladi, bog', uzumzor, tutzor va pistazorlar tashkil etiladi. Mavjud kanallarni gidrotexnik inshootlari bilan birgalikda rekonstruktsiya qilish, nasos stantsiyalarini modernizatsiya qilish va yangilarini o'rnatish orqali hududda qishloq xo'jaligiga mo'jallangan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish va yerlarning suv ta'minotini yaxshilash choralari ko'riladi.

– Bobotog' hududida sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligi sohalarida jami 75 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, shuningdek, qator ijtimoiy, energetika va telekommunikatsiya ob'ektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash ishlari hudud qiyofasini tubdan o'zgartirib, 15 ming nafarga yaqin aholining munosib turmush kechirishi, yoshlarning sifatli ta'lim olishlari uchun qulay muhit yaratadi, – dedi viloyat hokimi.

Dasturga muvofiq, hududda 100 qatnovga mo'ljallangan qishloq oilaviy poliklinikasi, 6 ta maktabga qo'shimcha jami 960 o'rinli o'quv binolari va sport zallari qurilib, 720 o'rinli mavjud binolar mukammal ta'mirlanadi. 300 o'rinli 2 ta yangi maktabgacha tashkiloti yangidan qurilib, mavjudini rivojlantirish choralari ko'riladi. Elektr energiya, gaz, ichimlik suvi ta'minoti, yo'l infratuzilmasi, aloqa kommunikatsiya xizmatlari yaxshilanib, DXX chegara qo'shinlari harbiy xizmatchilari uchun xizmat uylari bunyod etiladi.

Tadbirda bu kabi vazifalarning o'z muddatida, sifatli amalga oshirilishi lozimligi ko'rsatib o'tildi. Mutasaddilarga bu boradagi ishlar samaradorligi, mas'uliyati va shaxsiy javobgarligini kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Unda so'zga chiqqan fuqarolar mazkur qarorning qabul qilinishi katta tarixiy voqelik bo'lganligi, u keksayu yosh har bir bobotog'lik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingani, aholining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qiladigan bu vazifalar ijrosida kamarbasta ekanliklarini ta'kidlashdi.

Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.