To'ra Bobolov Jarqo'rg'onda 7 soat sayyor qabul o'tkazdi

Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov boshchiligida sektorlar, boshqarma va tashkilotlar, Xalq qabulxonasi rahbarlarining “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan mahallabay uchrashuvlari davom etmoqda.

Bugun Jarqo'rg'on tumanining “Istiqlol” mahallasida o'tkazilgan uchrashuv ommaviy sayyor qabulga aylanib ketdi. 7 soat davom etgan qabulda ehtiyojmand oilalar muammolarini o'rganish, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash orqali ularning doimiy daromad manbaiga ega bo'lishlariga ko'maklashish barobarida aholini qiynab kelayotgan qator ijtimoiy masalalarga ham yechim izlandi.

Fuqarolardan asosan ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, uy-joy, yo'llarni ta'mirlash, gaz, suv va elektr ta'minoti, ta'lim, sog'liqni saqlash, tijorat banklariga oid va boshqa masalalarda 400 ga yaqin murojaat tushdi. Bu fuqarolarning hammasi ham “Istiqlol” mahallasidan emas, qo'shni mahallalar va tumanlardan kelganlar ham ko'pchilikni tashkil etdi. Muhimi, sayyor qabuldagi murojaatlar e'tiborsiz qolmadi, har bir masalaga yechim izlashga harakat qilindi.

– Opam ikkimiz tadbirkorlik faoliyatimizni yo'lga qo'yish uchun yer maydoni va bank krediti ajratilishi, shuningdek, mahallamizdagi 33-umumta'lim maktabi binosini ta'mirlash, ichki yo'llarni toshlash, toza ichimlik suvi bilan ta'minlashda amaliy yordam so'radik, – deydi “Polvonlar yurti” mahallasida yashovchi Sevara Xo'jaqulova. – Bugungi qabuldan so'ng barcha masalalarimiz ijobiy yechiladigan bo'ldi. Viloyat hokimi mutasaddi rahbarlarga vaziyatni o'rganib, masalalarni hal etish bo'yicha ko'rsatma berdilar. Biz bundan juda minnatdormiz.

Endilikda sayyor qabullarda shaxsiy muammolardan ko'ra, jamoaviy, ijtimoiy hamda tadbirkorlik bilan bog'liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Bu, avvalo, odamlarimizning ruhiyati hamda dunyoqarashi, hayotga, o'z mehnatining natijasiga munosabati o'zgarayotganidan dalolatdir.

Shu tariqa Jarqo'rg'onda o'tkazilgan qabulda har bir murojaatchining masalasi ular ishtirokida shu yerning o'zida ko'rib chiqildi, zarur chora-tadbir belgilandi. Zero, xalqning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad bo'lib, uning ro'yobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini ta'minlashga xizmat qiladi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.