Surxondaryo viloyati hokimi O'zbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi Iroda To'laganova bilan uchrashdi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov vohamizga tashrif buyurgan mashhur sportchi, O'zbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi, Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti Iroda To'laganova bilan uchrashdi.

Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar o'rtasida sportni, xususan, tennisni keng ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e'tibor navqiron avlodni jismonan sog'lom, ma'nan yetuk insonlar yetib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Hozirda Surxondaryo viloyatida 15 ta tennis maydonlari bo'lib, 100 nafardan ortiq o'g'il-qiz ushbu sport turi bilan muntazam shug'ullanib keladi. Diana Ruslanova, Dilmurod Choriyev, Umidjon Mamasharipov, Shohruh Toshpo'latov, Jasur To'rayev, Sunnatulla Xolmurodov, Shohruh Bahromov, Diyorbek Bahromov, Hamrobek Bahromov, Mamanazar Rahimjonov, Ulug'bek Usmonov, Marjona Ergasheva, Shahnoza Hayitmurodova, Aziza Rahmatullayeva, Temurbek Ergashev singari yosh surxondaryolik tennischilar Respublika miqyosida o'tkazib kelinayotgan musobaqalarda g'olib va sovrindorlar safidan joy olib kelishmoqda.

Sitora Normurodova Parij-2024 Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish uchun ayni vaqtda tennis bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi safida mashg'ulotlarni o'tamoqda.


Muloqot chog'ida viloyatda ushbu sport turini yanada rivojlantirish maqsadida yangi tennis korti majmuasini bunyod etish, bu yerda yoshlarning tajribali mutaxassislar murabbiyligida mahoratini oshirib borishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga kelishib olindi.

Termiz shahrida jahon talablariga to'la javob beradigan zamonaviy tennis korti majmuasini qurish uchun yer ajratish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish ishlarini boshlash to'g'risida mutasaddilarga ko'rsatma berildi.


Samimiy suhbat chog'ida Iroda To'laganova Surxon vohasiga safari unda katta taassurot qoldirayotganini ta'kidlab, surxondaryolik yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanib, o'z iqtidor va salohiyatini namoyon qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.


Ma'lumot uchun, jahonning eng kuchli raketkachilari safidan munosib o'rin egallagan mashhur sportchi, tennis malikasi, hozirda O'zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi va Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat ko'rsatayotgan Iroda To'laganova1982 yil 7 yanvarda Toshkent shahrida tug'ilgan.

Professional sportchi sifatida 1999 yildan o'z faoliyatini boshlagan. Tennis bo'yicha Butunjahon o'smirlar o'yinlari bronza medali sovrindori (1998, Moskva), o'smir qizlar o'rtasida Osiyo chempionati (1999, Fukuoka), «Wimbledon» (1999, London) va juftlikda “US Open” turnirlari (1999, Nьyu-York) g'olibi. Pusanda bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlari chempioni (2002 yil). 2006 va 2007 yillarda Osiyo chempioni. “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sportchi” va “O'zbekiston iftixori” faxriy unvonlari, “Shuhrat” medali sohibasi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.