Surxondaryo hokimi har oyda bir marta afg'onistonlik tadbirkorlarni qabul qilib, muammolarini o'rganadi

Bu haqda viloyat hokimi To'ra Bobolov vohada tadbirkorlik bilan shug'ullanib, o'z biznesini yuritayotgan qo'shni Afg'oniston Islom Respublikasi ishbilarmon doirasi vakillari bilan bo'lgan uchrashuvida ma'lum qildi.

Ochiq muloqot chog'ida, ularning yutuq va muammolarini tinglab, tadbirkorlar o'rtaga tashlagan masalalarga e'tibor qaratdi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G'anining so'nggi yillardagi uchrashuvlari ikki qo'shni davlat o'rtasidagi o'zaro do'stlik, birodarlik rishtalari, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Xorijiy investorlarga yurtimizda yaratilgan qulay muhitdan foydalanib, afg'on ishbilarmonlari Surxon vohasida sanoat, qurilish, qishloq xo'jaligi, xizmatlar ko'rsatish kabi tarmoqlarni rivojlantirishga munosib hissa qo'shayotgani qayd etildi.

Bundan sanoqli yillar muqaddam Surxondaryo viloyatida qo'shni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 40 dan ortiq qo'shma va xorijiy korxona faoliyat yuritgan bo'lsa, joriy yilda ularning soni 300 ga yaqinlashdi. Pandemiya dunyo iqtisodiyotiga chang solgan o'tgan yili afg'on sarmoyadorlari hududga 33 million dollar qiymatida investitsiya kiritib, viloyat qishloq xo'jaligi, sanoat, qurilish va xizmat ko'rsatish sohalariga yo'naltirilgan. Shuningdek, voha korxonalari Afg'onistonga 42 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulotlarni eksport qilgan. Uning asosiy qismini qishloq xo'jaligi mahsulotlari tashkil etadi.

Ochiq muloqotda yuzga yaqin afg'onistonlik tadbirkor ishtirok etdi. Ularning ellikka yaqin murojaati tinglanib, o'rtaga tashlagan muhim masalalarga yechim izlandi. Jumladan, Boysun tumanidagi “PRB Investment Co” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kaser Surej Ahmad elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olish uchun loyihani ishga tushirguncha alohida transformator o'rnatib berish va Sherobod sement zavodidan klinker mahsuloti olishda yordam so'radi. Bu masala tegishli tashkilotlar tomonidan yaqin kunlarda hal etiladigan bo'ldi. “Grin Gold Nurseri” mas'uliyati cheklangan jamiyati boshlig'i Ismatullo Rahimiy Sariosiyo tumanida 25 gektar maydonda intensiv mevali bog' barpo etgani, biroq dala shiyponi qurishga mahalliy hokimlikdan ruxsat ololmayotganini bayon etdi. Bu muammo ham o'z yechimini topadigan bo'ldi. Unga bog' yonida yengil konstruktsiyali shiypon qurish tavsiya etildi. Termiz tumanidagi “Termiz yung ishlash” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahdum Asadulloning kirish ruxsatnomasini bir yilga uzaytirish bo'yicha so'ragan yordami ham joyida hal etildi.

Boysun tumanidagi “Boysun taraqqiyot Muhammad” fermer xo'jaligi 70 gektar maydonda kovrak o'simligini parvarishlaydi. Ikkita chorva kompleksi barpo etib, Qozog'istondan 240 bosh qoramol, Pokiston davlati va Navoiy viloyatidan besh yuz bosh echki olib kelgan. Ayni paytda xo'jalikda 120 dan ortiq kishi mehnat qiladi. Xo'jalik rahbari Kamoliddin Kamol kovrak shirasini eksport qilish uchun kvota olish hamda chorvachilikni rivojlantirish uchun yaylov ajratishda amaliy yordam ko'rsatishni so'radi.

– Murojaatimni eshitgan viloyat rahbari tez kunlarda uni hal etib berishga va'da qildi, – deydi afg'onistonlik Kamoliddin Kamol. – O'tgan yili xorijga 800 ming dollar qiymatidagi mahsulotni jo'natgan edik. Yana 50 tonnaga yaqin shifobaxsh mahsulotimiz bor. O'zbekistonda tinchlik, osoyishtalik bo'lgani uchun biz yon qo'shni vohaga mablag' tikib, o'z biznesimizni yuritayapmiz. Keyingi yillardagi e'tibor va berilayotgan imtiyozlardan juda mamnunmiz. Bu osuda yurtingizda biznesimizni yanada rivojlantirishda muhim o'rin tutadi.

Qabul chog'ida afg'onistonlik ishbilarmonlar zamonaviy klinika, xususiy maktab barpo etish, mehmonxona va umumiy ovqatlanish nuqtasi, chorvachilik kompleksi qurish, dorivor giyohlar, meva-sabzavot yetishtirish uchun yer maydoni ajratish, doimiy yashash huquqini olishda ko'maklashish kabi masalalarni ham o'rtaga tashladi.

Muloqotda qo'shni davlat ishbilarmonlarining aksariyat murojaatlari joyida yechimini topdi. Hal etilishi vaqt talab qiladigan masalalar bo'yicha muddat belgilanib, ijrosi qat'iy nazoratga olindi.

Uchrashuvda Afg'oniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi bosh konsuli Sangin Skandari, O'zbekiston Respublikasining Mozori Sharif shahridagi konsuli Javhar Fattoyev ishtirok etdi.

8 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.