SHEROBOD SEMENT ZAVODI DASTLABKI MAHSULOTINI ISHLAB CHIQARDI
Sherobod tumanining “Vandob” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilayotgan sement zavodi vohamizda qurilish sanoatini zamon talablari darajasida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kecha ushbu sanoat korxonasida bo‘lib, jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdik. Bosh pudratchi Turkiyaning “Dal Teknik” kompaniyasi vakillari Ali Abatay va Erkan Durak bilan bo‘lgan muloqotda ta’kidlanganidek, loyiha qiymati 212,8 million dollar bo‘lgan ushbu sanoat korxonasida yiliga 1,5 million tonna portlandsement ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Korxona ishga tushgach, bu yerda mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning asosiy qismi ichki talabni qondirishga yo‘naltiriladi. Quvonarlisi, kuni kecha zavod dastlabki mahsulotini ishlab chiqardi. Muloqot chog‘ida “Dal Teknik” kompaniyasi vakillari zavod tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu portlandsement namunasini taqdim etishdi. Muloqot yakunida qurilish-montaj ishlarini yanada jadallashtirish, sifati hamda Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga tuhfa sifatida foydalanishga topshirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
SHEROBOD SEMENT ZAVODI DASTLABKI MAHSULOTINI ISHLAB CHIQARDI

Muallif:
Matbuot xizmati
26
iyul
+7
KUN TARTIBIDA: XUSUSIY BOG‘CHALAR QURILISHINING BORISHI
Joriy yilda viloyatimizda davlat-xususiy sheriklik asosida 242 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini ochish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha Termiz shahri va Qumqo‘rg‘on tumanida bittadan shunday xususiy bog‘chalar ish boshladi, qolganlarida esa tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan qurilish ishlari olib borilayapti.    Viloyat hokimligida ushbu tashabbuskor tadbirkorlar hamda davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash uchun bitimlar tuzish istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishining borishi muhokama etildi. Unda xususiy sheriklar bolalar bog‘chasi barpo etish uchun biriktirilgan bino yoki yer uchastkasi, kredit mablag‘larini ajratish va o‘zlarini o‘ylantirayotgan boshqa qator masalalar yuzasidan viloyat hokimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildilar.    Muloqot davomida ko‘tarilgan muammo va takliflarning asosiy qismi shu yerda hal etildi. Yechimi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi, ijrosi nazoratga olindi.  Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash uchun bitimlar tuzish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xususiy bolalar bog‘chalari ochish uchun berilgan imtiyozlar haqida tushunchalar berildi.
KUN TARTIBIDA: XUSUSIY BOG‘CHALAR QURILISHINING BORISHI

Muallif:
Matbuot xizmati
26
iyul
+2
CHEKKA QISHLOQ AHOLISI MUAMMOLARI O‘RGANILDI
Sariosiyo tumanidagi tog‘li Sangardak qishlog‘i viloyat markazidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Viloyatimiz hokimi Bahodir Po‘latov ushbu chekka qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida bu yerga tashrif buyurdi. Qishloq aholisi bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida ularni o‘ylantirayotgan muammolar tinglanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Fuqarolarning murojaatiga ko‘ra, qishloqdagi ta’mirtalab jome masjidi holati bilan tanishildi, aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi masjid binosini qurish  bilan bog‘liq vazifalar belgilab olindi. Ma’lumki, ushbu qishloqda joylashgan,  yilning to‘rt faslida ham o‘ziga xos fusunkor qiyofaga ega Sangardak sharsharasi bugungi kunda ekoturizmning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Tashrif davomida viloyatimiz hokimi ushbu maskanda ham bo‘lib, bu yerda mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar, yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy servis xizmatlari bilan tanishdi.  Hudud qiyofasini yanada yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
CHEKKA QISHLOQ AHOLISI MUAMMOLARI O‘RGANILDI

Muallif:
Matbuot xizmati
26
iyul
+1
XALQ BILAN MULOQOT: MUAMMO, YECHIM VA SAMARA
Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini o‘rganish, aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishish va ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash maqsadida Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Sherobod tumanlarida faoliyat olib borgan “Jamoatchilik nazorati” guruhlari Qiziriq tumanida ish boshladi. Shu munosabat bilan tumanda o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishda viloyatimiz hokimi Bahodir Po‘latov o‘rganish jarayonida aholi tomonidan qo‘yiladigan masalalar, aniqlanadigan muammo va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratib, ularni hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan “Jamoatchilik nazorati” guruhlari a’zolari, sektorlar rahbarlari hamda viloyat, tuman korxona va tashkilotlari mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berdi. - Ishlash prinsipingizni oddiy odamlarning talab va istaklari asosida tashkil etsangizgina, odamlar hayotidan, davlat va jamiyatdan rozi bo‘ladi. Oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarimizga xalqning dardu tashvishlari bilan yashash, uning manfaatlarini ta’minlash orqaligina erishishimiz mumkin, - dedi viloyatimiz hokimi yig‘ilishda. Shu tariqa, viloyatdagi jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 4 ta “Jamoatchilik nazorati” guruhi 10 kun davomida tumanning 49 ta mahallasidagi har bir xonadonga birma-bir kirib, aholining muammolari, taklif va shikoyatlarini tinglashga, ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘lib, ularning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganishga kirishdilar. Sektor rahbarlari hamda tegishli idoralar o‘rganish jarayonida aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar, aniqlangan muammo va kamchiliklarning tezkor va samarali yechimini topish choralarini ko‘rib boradi. Bu esa odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlab, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
XALQ BILAN MULOQOT: MUAMMO, YECHIM VA SAMARA

Muallif:
Matbuot xizmati
26
iyul
+4
Sangardak sharsharasi haqida eshitganmisiz?
Bir vaqtning o‘zida yilning to‘rt faslini kuzatish mumkin bo‘lgan joy haqida eshitganmisiz? Zarrin quyosh nurlari ostida jimjimador yomg‘ir yog‘ishini-chi? Qattiq shamol aralash naqd jala quyib turgan paytda bobo quyosh samoda jilmayib turishini-chi?!  Bunday noyob mo‘jizani bir vaqtning o‘zida kuzatish mumkin bo‘lgan joy uzoqlarda emas, yurtimizda. Bu rang-barang nabotot va turfa hayvonot olami, minglab bulog‘u chashmalari bilan nom qozongan Surxondaryo viloyatidagi Sangardak darasi va sharsharasidir.  Sharsharadan o‘ynoqlab tushayotgan suv jozibasiga qishin-yozin ko‘rk bag‘ishlab turuvchi sumbula o‘tlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Tabiatning bu go‘zal tuhfasi qish faslida ham sharsharaga o‘zgacha xusn bag‘ishlab turadi. Suvi muzlab, billur shodalari singari bahaybat sumalak hosil qiladigan sharshara bag‘ridagi sumbula o‘tlari shunchaki o‘smaydi. Mahalliy aholining aytishicha, qadimda go‘zallikda tenggi yo‘q bir hurliqo sevgisiga erisholmagach, tog‘ sharsharasi “unguri”, ya’ni bag‘riga kirib g‘oyib bo‘lgan. Uning mayda o‘rilgan sochlari o‘rnidan sumbula o‘sib chiqadi. Hozirgacha bu sumbula o‘tlar sharshara bag‘rida devor bo‘lib o‘sib turganiga guvoh bo‘lish mumkin. Uning bargidagi marjon tomchilar o‘sha suluv qizning ko‘z yoshlari emish.  Dengiz sathidan 2000 metr balandlikdan otilib tushuvchi sharshara tabiatning fusunkor mo‘jizasidir. Atrofdagi qoyalarga urilib yuksaklikdan oqadigan sharshara ko‘zni quvontiradi. Misli kamalakdek tovlanib, sachrayotgan zilol suv bahri dilingizni ochib, xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Uning suvi sovuq bo‘lsa-da, salomatlikka ziyon qilmaydi, aksincha, vujudni tetiklashtiradi.  Sharsharaning tovushi asabni tinchlantirib, yurakka quvvat beradi.                                                                                                                                Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA
Sangardak sharsharasi haqida eshitganmisiz?

Muallif:
Matbuot xizmati
24
iyul
+4
ISTIQBOLLI LOYIHALAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov Avstriyaning “Parsalpine Gmbh” kompaniyasi rahbari Ahmad Ramzaniyni qabul qildi. Hozirda “Parsalpine Gmbh” kompaniyasi Muzrabot tumanida qiymati 35 mln. dollarga teng bo‘lgan yuqori sifatli ketchup ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. Uchrashuv chog‘ida ushbu istiqbolli loyiha asosida olib kelingan 6 ming tonnalik muzlatgich jihozlari imkoniyatlari, zavod va muzlatgich binolari qurilishining borishi, 1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona faoliyati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, kompaniya bilan imzolangan memorandumga muvofiq, tumanda qo‘shimcha yana umumiy qiymati 15 mln. dollarga teng bo‘lgan tayyor tekstil mahsulotlari hamda ohakdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar atroflicha muhokama etildi.
ISTIQBOLLI LOYIHALAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA

Muallif:
Matbuot xizmati
24
iyul
+4
O‘zbekiston harbiylari Denovda maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulot o‘tkazdi
Surxondaryo viloyati Denov tumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura, DXX Chegara qo‘shinlari hamkorligida hududning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.  – Ikki kunlik maxsus tadbirda Mudofaa vazirligining hududdagi harbiy xizmatchilari, tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi, boshqa mutasaddi idoralar va keng jamoatchilik vakillari ham faol ishtirok etdi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – O‘quv mashg‘ulot jarayonida shartli ravishda garovga olingan bino va inshootlarni, shaxslarni qutqarish ishlari tezkorlik bilan bajarildi.  Xonadonlardagi ijtimoiy vaziyat atroflicha o‘rganildi. Shaxsiy tarkibning jangovar shaylik darajasi oshirilib, tuman hududini mudofaa qilishga, har qanday ko‘rinishdagi huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda ichki va tashqi xalqalar tashkil etilib, blok-postlarda Mudofaa vazirligi va ichki ishlar idoralarining sohaviy xizmat xodimlaridan iborat shaxsiy tarkibning tunu-kun xizmat olib borishi tashkil etildi. Aholining tinch, osayishta va farovon turmushini ta’minlashga yo‘naltirilgan tadbir doirasida Mehr-oqibat mahalla fuqarolar yig‘inida tezkor profilaktik qidiruv o‘tkazildi. Guliston mahallasi hududida viloyat IIB harbiy safarbarlik bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi IIV maxsus operatsiyalar muvofiqlashtirish boshqarmasi Surxondaryo viloyati buyicha maxsus otryadi, Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi va Milliy Gvardiyaning Surxondaryo viloyati harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilgan shartli ravishda garovga olingan shaxslarni ozod qilish bo‘yicha maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti ham soha xodimlarining professional mahorati va jangovar shaylik darajasini keng namoyon etdi. 
O‘zbekiston harbiylari Denovda maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulot o‘tkazdi

Muallif:
Matbuot xizmati
24
iyul
+2
KICHIK TURIZM ZONALARI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi “Surxondaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 324-sonli qarorlari tasdiqlangandan so‘ng viloyatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy turistlar sonini ko‘paytirish va ularning viloyatimizdagi sayohat kunlarini uzaytirish maqsadida viloyatimizning tog‘li hududlarida “kichik turizm zonalari”ni tashkil qilish vazifasi belgilab qo‘yildi.
KICHIK TURIZM ZONALARI

Muallif:
Matbuot xizmati
24
iyul
+4
Viloyat hokimi Milliy gvardiya harbiy qismida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Xabaringiz bor, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy hatti-harakatlardan himoya qilishda muhim bo‘g‘inga aylandi. Bugun viloyatimiz hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Bahodir Po‘latov harbiy qo‘shin faoliyatining samaradorligini oshirish, o‘z Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Milliy gvardiyaning viloyatdagi harbiy qismiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida viloyatimiz hokimi harbiy qism infrastrukturasi, shaxsiy tarkibning kundalik faoliyati, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Harbiy qismda joylashgan binolarni kapital ta’mirlash, harbiy-ma’muriy sektori faoliyatini samarali tashkil etish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash bilan bog‘liq vazifalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyat hokimi Milliy gvardiya harbiy qismida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

Muallif:
Matbuot xizmati
23
iyul
+3
BUNYODKORLIK ISHLARIMIZ XALQIMIZ MANFAATLARIGA XIZMAT QILSIN
Bugun viloyatimiz hokimi Bahodir Po‘latov Termiz shahrida olib borilayotgan keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Xususan, ehtiyojmand oilalarning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Sulton Saodat ko‘chasida bunyod etilayotgan 10 ta yetti qavatli arzon uy-joylar, ularning atrofidagi ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va mahalla markazi qurilishi, shuningdek, shaharning turli hududlarida milliy gvardiya bo‘linmasi, ichki ishlar va harbiy qismlar, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamda madaniyat va san’at fidoyilari uchun barpo qilinayotgan ko‘pqavatli yangi uy-joylar qurilishi bilan qiziqdi. Tanishuv asnosida ushbu ob’ektlarni barpo etishdan maqsad xalqimiz turmush farovonligini oshirish, aholiga savdo va xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat ekanligi ta’kidlanib, ularni zamonaviy arxitektura asosida qurish, atrofini obodonlashtirish, odamlarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, viloyatimiz hokimi Termiz shahrida yangi barpo etilgan San’at saroyi va amfiteatrda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Milliy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligida bunyod etilayotgan yangi jome masjidi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda tug‘ruqxona majmuasi yangi binolari qurilishi, hayvonot bog‘ida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
BUNYODKORLIK ISHLARIMIZ XALQIMIZ MANFAATLARIGA XIZMAT QILSIN

Muallif:
Matbuot xizmati
22
iyul
+3
VILOYAT HOKIMI AFG‘ONISTONLIK ISHBILARMONLAR BILAN UCHRASHDI
Bugun O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar yangi bosqichda rivojlanib bormoqda. Xususan, surxondaryolik va qo‘shni mamlakat ishbilarmon doiralarining teng sheriklikka asoslangan munosabatlarini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar bunga yaqqol misoldir.Viloyatimiz hokimi Bahodir Po‘latov hamda “Afghan-German company” qo‘shma korxonasi ta’sischilari Samiulloh Samkanay va Abdulvahob Kaimiy o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot ham qurilish sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Muloqot davomida viloyatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qator imtiyoz va qulayliklar haqida ma’lumotlar berildi. Uning yakunida qurilish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan “Afghan-German company” qo‘shma korxonasi bilan umumiy qiymati 10 mln. dollarga teng bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish evaziga Termiz shahrida zamonaviy turar-joy komplekslari va mehmonxona qurishga kelishib olindi.
VILOYAT HOKIMI AFG‘ONISTONLIK ISHBILARMONLAR BILAN UCHRASHDI

Muallif:
Matbuot xizmati
21
iyul
+3
HOKIM VA TADBIRKORLAR UCHRASHUVI
Viloyat hokimligida tadbirkor va fermerlarning muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Bahodir Po‘latov, nazorat qiluvchi organlar, sohaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi. Muloqot avvalida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, davlat tomonidan berilgan kafolatlar, soha xodimlarining yurt taraqqiyoti, aholi farovonligini yuksaltirishdagi munosib hissasi haqida so‘z yuritildi. Shunga qaramay, ayrim holatlarda tadbirkorlar bilan ishlash, ularning masalasini o‘z vaqtida hal etish yoki so‘roviga javob berish borasida ham sansalorlik, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotganligi ta’kidlandi. Jonli va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda tadbirkor va fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashvishga solayotgan muammolari yuzasidan viloyat hokimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildilar. Ularning muammosi yoki so‘rovi nima sababdan ijobiy hal etilmayotganiga mutasaddilardan izoh so‘raldi. Muloqot davomida ko‘tarilgan muammo va takliflarning asosiy qismi shu yerda hal etildi. Yechimi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi, ijrosi nazoratga olindi. - Ham o‘zi, ham davlat manfaati uchun yangi g‘oya va tashabbus bilan chiqayotgan ishbilarmonga ko‘mak berish, uni qo‘llab-quvvatlash har bir rahbar, mutasaddining bugungi kundagi eng muhim vazifasi bo‘lmog‘i lozim - dedi viloyat hokimi uchrashuv yakunida.
HOKIM VA TADBIRKORLAR UCHRASHUVI

Muallif:
Matbuot xizmati
21
iyul
+1

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK