» » Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Murojaat yo`llash

Bugun, 6 dekabr kuni xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov boshqarib bordi.


Unda viloyatdan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari A.Mavlonov hamda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Rustamov ishtirok etdi.


Sessiyada viloyatda soliq islohotlarini amalga oshirish va budjetga qo‘shimcha daromadlarni ko‘paytirish, ularning manbalarini aniqlab safarbar qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Surxondaryo viloyati uchun 2018 yil budjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichi 1052,0  mlrd., qo‘shimcha daromad mablag‘larini jalb qilish 356,0 mlrd. so‘m etib belgilangan. Shundan yanvar-noyabr oylarida 957,3 mlrd. so‘mga belgilangan prognoz ko‘rsatkich 1 dekabr holatiga 1 215,6 mlrd. so‘mga yoki 127,0 foizga ortig‘i bilan bajarilgan.

Budjet parametrlarining ortig‘i bilan bajarilgan qismi endilikda to‘liq mahalliy budjetga qoldirilayotganligi sababli, viloyat ixtiyorida qolgan 282,0 mlrd.so‘m mablag‘ hududni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni samarali amalga oshirishga yo‘naltiriladi.


Sessiyada budjetga belgilangan rejalarni ortig‘i bilan bajarish, mahalliy budjetga qo‘shimcha manbalarni jalb qilish borasida viloyatda foydalanmagan imkoniyatlar hali yetarli ekanligi, 2018 yilning qolgan davrida budjetga yana 169,0 mlrd. so‘m qo‘shimcha daromadlar tushirish imkoniyatlari mavjudligi aytildi.

Sessiya so‘ngida bildirilgan taklif, fikr va mulohazalardan kelib chiqqan holda, viloyatda soliq siyosati konsepsiyasini amalga oshirish, budjetga qo‘shimcha daromadlarni safarbar qilish, inflyatsiyaning keskin o‘sishini oldini olish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashda mahalliy hokimiyat organlari, prokuratura, moliya va soliq idoralari rahbarlari, mutassaddi tashkilotlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli qaror qilindi.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+2
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK