» » SHOIR SIROJIDDIN SAYYID BILAN UCHRASHUV
Murojaat yo`llash


Har bir xalqning  shoirlari, yozuvchilari o‘sha millatning ruhini, or-nomusi va g‘ururini, uning ovozini o‘zida namoyon etadi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi,  shoir Sirojiddin Sayyid o‘z elining yangroq ovozi bo‘lishga, ko‘ngliga chuqur kirib borishga, kechmishiyu orzularini kuylashga intilgan, uning shodligu armonlarini ham o‘ziniki deb bilgan otashnafas shoirlarimizdan biridir.

Termiz davlat universitetida “Yuzlari yorug‘ diyorim, tanti Surxonim mening” mavzusida shoir Sirojiddin Sayyid bilan bo‘lgan uchrashuv chinakam adabiyot bayramiga aylanib ketdi. Unda shoir she’riyatining nozik qirralari, so‘z qo‘llashdagi o‘ziga xos mahorati, sodda, samimiy so‘zlarga katta badiiy ma’no yuklashi haqida she’riyat muxlislari, adabiyot jonkuyarlariga so‘zlab berildi.

O‘zbekiston xalq shoiri, “Do‘stlik” ordeni sohibi Sirojiddin Sayyid 1958 yilning 30 oktabrda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning “Asragil”, “Mehr qolur, muhabbat qolur”, “Kuydim”, “Vatanni o‘rganish”, “Vatan abadiy”, “So‘z yo‘li” “Bug‘doybo‘y Vatan” “Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” va boshqa to‘plamlari adabiyotimizning beqiyos namunasi sanaladi.

Tadbirda shoir she’rlarining talabalar tomonidan ifodali o‘qilishi kechaga o‘zgacha ruh baxsh etdi. O‘z navbatida, shoir Sirojiddin Sayyid ham so‘zga chiqib, she’rlaridan namunalar o‘qidi. Ixlos va ishtiyoq bilan yozilgan, ona Vatan, xalq, sadoqat va muhabbat tuyg‘ulari yuksak pardalarda kuylangan bu dilbar she’rlar ixlosmandlarga manzur bo‘ldi, ularning qalbida ona O‘zbekiston bilan faxrlanish va fidoyilik tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+1
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK