» » SURXONDARYODA KENGAYTIRILGAN YIG‘ILISH O‘TKAZILDI
Murojaat yo`llash

Bugun viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov, shuningdek, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar vakillari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda shahar va tuman studiyalarida faollar, keng jamoatchilik vakillari kuzatib bordi.

Yig‘ilish avvalida tashkiliy masala ko‘rildi. Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Abdumutalovich Axunov, shuningdek, viloyat prokurori O‘ktam Abdullayevich Saidov boshqa ishga o‘tkazilishlari munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Shu kungacha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Rahmatulla Boboxonovich Gapparov Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Denov tumani hokimi Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov Surxondaryo viloyati prokurori etib tayinlanganligi ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Vahobovning viloyatda 2018 yil qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish, paxta hosilini yetishtirish va terib olishni ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari T.Bobolovning viloyatni 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari va eksport prognozlarining bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlari haqidagi, viloyat hokimining o‘rinbosari A.Amirovning qurilish, kommunikatsiya va kommunal sohadagi dasturlarning bajarilishi, ijtimoiy soha obyektlari va uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati borasidagi axborotlari tinglandi. 

Sho‘rchi, Sherobod, Termiz, Angor, Boysun tumanlari va Termiz shahar sektor rahbarlarining ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan hisobotlari eshitildi.

Videoselektor yig‘ilishida viloyat sektorlari rahbarlari – viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar hamda davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining fikr-mulohazalari ham tinglandi. 

Muhokama etilgan dolzarb masalalar yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu vazifalarni bajarish barcha bo‘g‘indagi mahalliy rahbarlardan mas’uliyatni chuqur his etib, qat’iy tartib-intizom bilan fidokorona mehnat qilishni, eng muhimi, amaliy natijalarga erishishni talab etishi alohida qayd etildi.
Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+2
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK