» » SURXONDARYODA XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALIGA TAYYORGARLIK ISHLARI BOSHLAB YUBORILDI
Murojaat yo`llash

Bugun viloyat hokimligida 2019 yilning 5 -10 aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga alohida tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha shtab tuzildi.   

Festivalga tayyorgarlik ishlarini boshlash maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tegishli boshqarmalar rahbarlari, O‘zbekiston xalq baxshilari, baxshilar, ssenarist va rejissorlar, tarixchilar, yozuvchi va shoirlar, OAV xodimlari jalb etildi.

Yig‘ilishda yirik tadbirning o‘tkazilishi yuzasidan baxshichilik san’ati rivojiga hissa qo‘shgan xalq baxshilari hamda fan doktorlaridan taklif va tavsiyalar olindi. Mazkur o‘rinli takliflarni bajarilishi yuzasidan mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.

Taklif va tavsiyalar orasida yo‘qolib borayotgan xalq dostonlari, xalq og‘zaki ijodi namunalarini video, audio va matnda yozib olib qolish lozimligi, baxshichilik maktabidagi kutubxonani zarur kitoblar va musiqa asboblari bilan jihozlash, Sherobod dostonchilik maktabi asoschisi - Sherna baxshining qabri atrofida obodonlashtirish ishlarini ham olib borish maqsadga muvofiq bo‘lishi kabi masalalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida vohada baxshichilik san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi, Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan I Maqom festivalidagi faol ishtiroki uchun Shoberdi baxshi Boltayev, Muhammad baxshi Eshboyev va Baxtiyor baxshi Ortiqov faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrda qabul qilingan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan har ikki yilda Surxondaryo viloyatida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkaziladi. Festival doirasida Termiz shahrida keng miqyosli tadbirlar tashkil qilinadi.
Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+4
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK