» » SURXONDARYO VILOYATI HOKIMI QATOR IJTIMOIY OBYEKTLARDAGI MAVJUD AHVOL BILAN TANISHDI
Murojaat yo`llash
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov sovuq va yomg‘irli kunda Termiz shahridagi bog‘cha, maktab, shifoxona va boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlardagi mavjud ahvol, ularning qishki mavsumga tayyorgarlik  holatini o‘rgandi.
Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filiali hamda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi ahvol bilan yaqindan tanishar ekan, viloyat hokimi bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, dori-darmon ta’minoti, taomlar va oziq-ovqat mahsulotlari sifati, sanitar ahvol bilan qiziqdi. Bemorlar bilan suhbatlashib, palatalar sovuqligi, isitish tizimi hamon ishga tushirilmaganini keskin tanqid qildi.
  
10-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi ahvol esa yanada ayanchli. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari elektr simlari izdan chiqqan, isitish tizimi ishlamaydigan qorong‘u va sovuq xonalarda mashg‘ulotlarni o‘tashmoqda. Sinfxonalar sovuqligidan maktab o‘quvchilari darsda qishki kiyimlarda o‘tirishibdi. Elektr energiyasini tejashmoqchi shekilli,  to‘garak mashg‘uloti qorong‘u sinfxonada olib borilayotgan ekan.

Markaziy dehqon bozori o‘rganilganda yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotganligi, bu yerda ko‘plab savdo xodimlarining na o‘zi, na u sotayotgan mahsulotlari mavjud sanitariya talablariga javob bermasligi holatlari aniqlandi.
  
Yozda quyoshdan, qish va bahorda qor va yomg‘irdan saqlanish va avtobus kutish uchun shaharda shu kungacha zamonaviy sharoitlarga ega 8 ta innovatsion “Aqlli” bekatlar foydalanishga topshirildi. Bugungi sovuq va yomg‘irli kunda esa ularning ayrimlariga qulf osilganining guvohi bo‘ldik. Yo‘lovchilar yomg‘irda ivib, tashqarida avtobusni kutishga majbur bo‘lishmoqda.
O‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tanqidiy fikr-mulohazalar bildirildi. Ularga o‘z faoliyatiga talabchanlik, javobgarlik va mas’uliyat hissi bilan yondashishi muhimligi ta’kidlanib, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish to‘g‘risida qat’iy topshiriqlar berildi.
  
Termizga tashrif buyurgan kishi borki, dastlab Arxeologiya muzeyi  faoliyati bilan tanishadi. O‘rganish jarayonida ushbu muzeyda ham bo‘lgan viloyat hokimi voha tarixi va madaniyatiga oid eksponatlar sonini yanada ko‘paytirish, bu yerga yoshlarni kengroq jalb qilish, ekskursiyalar tashkil qilish borasida ko‘rsatmalar berdi.
Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+1
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK