» » “TERMIZ CITY” KOMPLEKSINI QURISH BO‘YICHA MEMORANDUM IMZOLANDI
Murojaat yo`llash
Termiz shahrini obodonlashtirish, uning arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash, aholi va mehmonlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Termiz city” majmuasini bunyod etish rejalashtirilayotganligi haqida avval xabar bergan edik.
Kecha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov hamda Germaniyaning Latviyada joylashgan “KEMA International Devolopment Ltd” kompaniyasi vakili Normund Kalnensh o‘rtasida ushbu loyiha taklifini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, zamonaviy kompleksni shaharning uchta hududida qurish rejalashtirilgan bo‘lib, 2019 yilning yanvar oyidan Beruniy va Istiqlol ko‘chalari tutashgan 4,2 gektar bo‘sh yer maydonida 1-hudud qurilish ishlari boshlanadi. Bu yerda biznes markaz, mehmonxona, 2 ta 18 qavatli, 1 ta 22 qavatli uy, restoran va boshqa ob’ektlarni bunyod etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ishlar uchun bosh pudratchi - “KEMA International Devolopment Ltd” kompaniyasi dastlab 240 million dollar miqdorida sarmoya kiritadi.
Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan bir vaqtning o‘zida Sherobod tumanida qiymati 400 million dollar bo‘lgan, yiliga 2,5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi zavodni bunyod etish ham rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Termiz city” kompleksini shaharning 3 ta hududida qurish belgilangan bo‘lib, bu ishlarga mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+3
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK