» » O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARGA
Murojaat yo`llash

Assalomu alaykum hurmatli ustozlar, qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!


Avvalo Sizlarni, sizlar orqali viloyatimizning barcha o‘qituvchi va murabbiylarini, biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan mehridaryo ustozlarni  umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ta’birlari bilan aytganda, “Har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalaridir”. Bugungi kunda pedagoglarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar zamirida ana shu fidoyi kasb egalarining mashaqqatli va sharafli mehnatini yuksak qadrlashdek ezgu maqsad mujassam.


Mamlakatimiz ta’lim sohasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, umumiy o‘rta ta’limda 11 yillik tizimga o‘tilishi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining optimallashtirilishi, yangi oliy ta’lim muassasasi va filiallarning tashkil etilishi, turli yo‘nalishlar bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlarning ochilishi, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ining kengaytirilishi, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatishning yo‘lga qo‘yilishi kelajagimiz  poydevorining yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.


Viloyatimizda yangidan bunyod etilayotgan, rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirlanayotgan ta’lim muassasalari va ularda yaratilayotgan keng shart-sharoitlar bugun barchamizni, ayniqsa, ustozlarimizni yangidan-yangi marralarga da’vat etmoqda. Farzandlarimizning bilim samaradorlini oshirish hisobidan qator yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natijalarning qo‘lga kiritilayotgani Siz soha fidoyilarining samarali mehnatlaringiz mahsulidir.


Muhtaram ustozlar!


Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Farmonlariga binoan, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlari qatorida viloyatimizdan 8 nafar o‘qituvchi va murabbiylarning turli darajadagi davlat mukofotlariga munosib topilgani qalbimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi.


Fursatdan foydalanib, taqdirlanganlarni ushbu yuksak mukofotlar, Sizlarni esa kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.


Sizlarga mustahkam sog‘lik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.


Bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!


Bahodir Po‘latov,

Surxondaryo viloyati hokimi

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+1
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK