» » ELNI AZIZ QILAR ELDA AZIZLAR
Murojaat yo`llash

O‘qituvchi — kelajak me’mori. Uning mashaqqatli mehnati doimo el-yurt ardog‘ida. 1 oktyabrning mamlakatimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni - umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi ham bu mo‘tabar kasb egalariga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir. Uning zamirida o‘qituvchilarning sharafli va mas’uliyatli mehnatini e’zozlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishdek ezgu maqsad mujassam.

Ushbu sana munosabati bilan bugun Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida o‘tkazilgan bayram tadbiriga viloyatning barcha hududlaridan ilg‘or o‘qituvchilar, ijodiy-ma’rifiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagoglar, faxriy ustozlar taklif etildi.

Tadbir avvalida mamlakatimiz ta’lim sohasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni va ahamiyati haqida so‘z yuritildi, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga baxshida etayotgan ustoz va murabbiylarimizning zahmatli mehnati e’tirof etildi. Soha rivoji uchun kamarbasta bo‘lgan xodimlardan bir guruhiga viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan qayta sahnalashtirilgan “Alisher Navoiy” spektakli namoyishi boshlanganda tomoshabinlar O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abdiqunduzovning chiqishini gulduros qarsaqlar bilan olqishlashdi. Muvaffaqiyatli sahnalashtirilgan spektakl davomida insonlar baxtu-saodati, xalq farovonligi, mamlakat obodonligi uchun ulkan hissa qo‘shgan Alisher Navoiy obrazi talqini o‘qituvchi va murabbiylarni ulug‘ shoir shaxsiga yanada yaqinlashtirdi.

Shundan so‘ng bayram tadbiri to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. Ilmu ma’rifat charog‘bonlari – o‘qituvchi va murabbiylarga bildirilgan samimiy tilaklaru tabriklar qo‘shiq va raqslar guldastasiga ulanib ketdi. San’at ustalari va iste’dodli yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert namoyishi bayram tarovatiga o‘zgacha kayfiyat, quvonch bag‘ishladi.

Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov ishtirok etdi.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+1
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK