» » Saylovlarda yangicha tartib
Murojaat yo`llash

(O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi - muhokamada)


Joriy yil 9 sentabr kuni viloyat hokimligida “O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining muhokamasi” xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari ishtirokida videoselektor tarzida bo‘lib o‘tdi.

2018 yil 25 avgustdan 5 sentyabrga qadar viloyatning 7 ta tumanida “O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining muhokamasi” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ygan edi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Unda deputatlar, senatorlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va kotibiyatining mas’ul xodimlari, shuningdek, saylov huquqi sohasidagi tajribali mutaxassislar, ekspertlar, olimlar va amaliyotchilar ishtirok etishdi.


O‘tkazilgan davra suhbatlari jarayonida saylov qonunchiligi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutishi haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Loyihada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar missiyalarining tavsiyalari ham inobatga olinganligi qayd etib o‘tildi.

Saylov kodeksi loyihasida O‘zbekiston Respublikasining saylovlar to‘g‘risidagi amaldagi “Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlarni unifikatsiyalash ko‘zda tutilgan.

Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi inventarizatsiyasi o‘tkazildi va saylovlar o‘tkazishning milliy amaliyoti umumlashtirildi. Yigirmaga yaqin xorijiy mamlakatlarning saylov qonunchiligi va tajribalari o‘rganib chiqildi. 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi “O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi” portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Shuningdek, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida o‘zbek va rus tilida ham joylashtirilgan. Saylov kodeksi loyihasi 2 qism, 18 bob, 100 moddadan iborat.


Davra suhbatlarida xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari, viloyat, shahar va tumanlar saylov komissiyasi a’zolari, siyosiy partiyalarning viloyat, shahar va tumanlar bo‘limlari, shahar va tumanlar adliya bo‘limlari, halq ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar va tumanlar bo‘limlari, “Yoshlar ittifoqi” viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, oliy ta’lim muassasalari prorektorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etishdi.


Davra suhbatlarida so‘zga chiqqanlar Saylov kodeksi loyihasi ahamiyati va uning muhim jihatlariga, saylov qonunchiligiga kiritilayotgan yangi qoidalar mazmun-mohiyati haqida batafsil so‘zlab berishdi.

O‘zaro muloqot va fikr almashish shaklida o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi hamda o‘zlarining taklif va tavsiyalari bilan qatnashishdi.


Xalq deputatlari viloyat Kengashiga 

saylov o‘tkazuvchi  viloyat saylov komissiyasi

kotibi O.Chorshanbiyev

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+5
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK