» » “TERMIZ-DUSHANBE” HAMDA “DENOV-DUSHANBE” AVTOBUSLAR QATNOVI YO‘LGA QO‘YILDI
Murojaat yo`llash

O‘zbekiston va Tojikiston bir-biriga chambarchas bog‘langan mamlakatlardir. Bizning dinimiz bir, an’analarimiz va turmush tarzimiz ham bir-biriga o‘xshash. O‘zbek va tojik xalqi azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan mustahkam bog‘langan. Shu bois, bizni “ikki tilda gaplashuvchi bir xalq” deyishadi.


So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida avtomobil, temir yo‘l va havo qatnovi yo‘nalishlarining qayta tiklanishi, chegaradagi barcha nazorat-o‘tkazish postlarining ochilishi, turli sohalarda o‘zaro aloqalarning tobora kengayib borayotganligi ikki mamlakat rahbarlarining odilona siyosati samarasidir.


Joriy yilning 8 centyabrdan boshlab “Termiz-Dushanbe” hamda “Denov-Dushanbe” yo‘nalishlarida xalqaro avtobuslar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi bu ikki davlat chegaraoldi mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarini mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan Termiz va Dushanbe shaharlarida o‘tkazilgan tadbirlarda avtobuslar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi aholiga qator qulayliklar yaratishi, o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochishi ta’kidlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari yangi yo‘nalishda ilk qatnovni amalga oshirgan, barcha qulayliklarga ega avtobusda Dushanbe shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar. Qo‘shni mamlakat hukumati hamda Dushanbe shahri rahbariyati vakillari bilan chegaraoldi mintaqalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan muloqotlar o‘tkazildi.






Eslatib o‘tamiz, “Termiz-Dushanbe” xalqaro avtobus yo‘nalishining masofasi 251 km, bo‘lib qatnovga sarflanadigan umumiy vaqt 5 soat-u 39 daqiqani tashkil etadi. Yo‘lkira haqi tashuvchilar tomonidan Termizdan Dushanbegacha - 70 ming so‘m. Dushanbedan-Termizgacha esa 70 somoniy qilib belgilangan.


Yo‘nalish masofasi 107 km. bo‘lgan “Denov-Dushanbe” xalqaro avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilar 2 soat 25 daqiqada o‘z manziliga yetkaziladi. Yo‘lkira haqi tashuvchilar tomonidan Denovdan Dushanbegacha 40 ming so‘m. Dushanbedan Denovgacha esa 40 somoniy etib belgilandi.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+3
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK