» » MATBUOT ANJUMANI: VILOYAT IQTISODIYOTINING OLTI OYLIK NATIJALARI TAHLIL QILINDI
Murojaat yo`llash

Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani “Viloyat iqtisodiyotining olti oylik natijalari: muammo va yechimlar tahlili”ga bag‘ishlandi. Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov, hokimlikning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha majmuasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ishlar samarasi muhokama etildi. 

Ta’kidlanganidek, iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijasida viloyat iqtisodiyotining  barcha tarmoqlarida ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Dastur doirasida tijorat banklari tomonidan 238 ta loyihalarga 1 trln. 568 mlrd. 832 mln.so‘m kredit mablag‘lari ajratib berildi. Umumiy qiymati 351 mlrd. 218 mln. so‘m mablag‘ hisobiga 158 ta loyiha amalga oshirilib, 1860 ta ish o‘rinlari yaratildi. 

Sherobod tumanida “Paxtaoy tekstil” MChJ tomonidan tikuvchilik mahsulotlari, Jarqo‘rg‘on tumanida “Farovon Tekstil Eksport Import” MChJ tomonidan erkaklar shimi va turli xil choyshablar ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yaqin kunlarda  Termiz shahrida “Amudaryo teks” qo‘shma korxonasining yiliga 7 ming tonna bo‘yalgan ip-kalava ishlab chiqarish, Sherobod tumanida “Olmaliq kon metallurgiya” kombinatining yiliga 1,5 mln.tonna sement ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. Jarqo‘rg‘on tumanida “Surxon teks” qo‘shma korxonasini kengaytirish hisobidan yillik ishlab chiqarish quvvati 9,0 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, viloyatning eksport salohiyatini yuksaltirish, “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va ularning yechimlari haqida ham so‘z yuritildi.

Matbuot anjumanida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va tashkilotlar rahbarlari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardilar.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+2
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK