» » HARBIY QISMDA OCHIQ ESHIKLAR KUNI
Murojaat yo`llash

Termiz shahridagi harbiy qismlardan birida 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi va harbiy qism hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni jismonan va ma’nan barkamol, harbiy-vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.


 Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosatining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ochiq eshiklar kunida dastlab yoshlar uchun zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. 


– Menda ayniqsa, avtomat, snayper, granatomyot kabi qurollar, harbiy muhandislik anjom-aslahalari katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi 12–Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi B.Mamayev.

– Ularni o‘z qo‘llarim bilan ushlab ko‘rdim. Kelajakda harbiy bo‘lishni ko‘nglimga tukkanman. Bu tadbir sohaga qiziqish va intilishimni, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga mehrimni yanada oshirdi.

Tadbir doirasida o‘g‘il-qizlar harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda navqiron avlodga harbiy qism yoshlari erishayotgan yutuqlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. 


Harbiy qism askarlari turli tanlov va sport musobaqalarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallamoqda. Jumladan, harbiy qism jamoasi “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ham harbiy qism askarlari g‘olib bo‘ldi. Sport musobaqalarida erishilayotgan yutuqlar ham e’tiborga sazovor. Ayni paytda harbiy qism o‘g‘lonlari sportning boks, qo‘l jangi va regbi turlari bo‘yicha mamlakat ochiq chempionatida ishtirok etishga puxta hozirlik ko‘rayotir. 
Muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar yotoqxonasida yaratilgan sharoitlar, kompyuter va fotoelektron trenajyor-o‘quv xonalari, kutubxona, elektron kutubxona, oshxona va sport majmuasi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. 
– Harbiy libos kiyishni orzu qilaman, – deydi 12–Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Zabarjad Bahromova. – Bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, o‘zimga munosib kasb tanlayotganimga yana bir bor ishonch hosil qildim. Fotoelektron trenajor o‘quv xonasidagi imkoniyatlar, boy kitob fondiga ega kutubxona va yosh harbiylarga yaratilgan qulayliklarni ko‘rib, juda havasim keldi. Harbiy oshxonada tayyorlangan mazali taomlardan tanovul qilib ko‘rdim. Kelgusi yil umumta’lim maktabini tugatgach, albatta, shu soha bo‘yicha o‘qishni davom ettiraman. Buning uchun hozirdan jismonan chiniqib, chuqur bilim olishga intilmoqdaman. 


O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi harbiy qismlar bilan hamkorlikda kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun ham yoshlarning milliy armiyamiz saflarida xizmat burchini o‘tashga intilishini mustahkamlab, ular qalbida yurtga sadoqat, sarhadlarimiz daxlsizligiga mas’ullik tuyg‘usini yuksaltiradigan ana shunday qiziqarli tadbirlar o‘tkazishni mo‘ljallamoqda. 

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
0
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK