Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Pulatov rahbarligidagi delegatsiya a’zolarining joriy yil 31 iyul – 3 avgust kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga uyushtirgan amaliy safari samarali kechdi.

Viloyatimiz vakillarining safari Sichuan provinsiyasi va Chendu shahar meriyasi rahbariyati bilan uchrashuvdan boshlandi. Provinsiya gubernatori In Li bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida Surxondaryo viloyati hamda Sichuan provinsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarini jadal rivojlantirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi. 

Safarning ikkinchi kuni Surxondaryo viloyati va Sichuan provinsiyasi ishbilarmon doiralarining 140dan ziyod vakillari ishtirokida Savdo-iqtisodiy forum tashkil etildi. Tadbir chog‘ida mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, sanoat ishlab chiqarishining turli jabhalaridagi imkoniyatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi. Zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiyotida hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari, erkin iqtisodiy zonalardagi, xususan, Surxondaryo hududidagi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasida xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan katta qulaylik va imtiyozlar xususidagi batafsil ma’lumotlar Xitoy tadbirkorlarining e’tiboriga havola etildi. 

Viloyatimiz vakillari “Chengdu Yinlu Food Co. LTD” kompaniyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Bu kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari, sut, turli ichimliklar hamda boshqa sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishi bilan Xitoyda dovrug‘ qozongan. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari safar davomida Sichuan provinsiyasidagi boshqa bir necha ishlab chiqarish ob’ektlarining ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. 

Xitoy tomoni Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Termiz shahridagi “Termiz kargo” xalqaro intermodal logistika markazidagi katta salohiyat bilan tanishar ekan, ushbu markazda logistika yo‘nalishi bo‘yicha turli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish va uning imkoniyatlaridan keng foydalanishga qiziqish bildirdi.

Viloyatimiz delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy safari davomida bir qancha istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Xususan, qator yirik sanoat korxonalari bilan umumiy qiymati 257 million dollarlik shartnomalar imzolanganligini ushbu safarning amaliy natijalari sifatida qayd etish mumkin.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+8
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK