» » Sangardak sharsharasi haqida eshitganmisiz?
Murojaat yo`llash

Bir vaqtning o‘zida yilning to‘rt faslini kuzatish mumkin bo‘lgan joy haqida eshitganmisiz? Zarrin quyosh nurlari ostida jimjimador yomg‘ir yog‘ishini-chi? Qattiq shamol aralash naqd jala quyib turgan paytda bobo quyosh samoda jilmayib turishini-chi?! 


Bunday noyob mo‘jizani bir vaqtning o‘zida kuzatish mumkin bo‘lgan joy uzoqlarda emas, yurtimizda. Bu rang-barang nabotot va turfa hayvonot olami, minglab bulog‘u chashmalari bilan nom qozongan Surxondaryo viloyatidagi Sangardak darasi va sharsharasidir. 


Sharsharadan o‘ynoqlab tushayotgan suv jozibasiga qishin-yozin ko‘rk bag‘ishlab turuvchi sumbula o‘tlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Tabiatning bu go‘zal tuhfasi qish faslida ham sharsharaga o‘zgacha xusn bag‘ishlab turadi. Suvi muzlab, billur shodalari singari bahaybat sumalak hosil qiladigan sharshara bag‘ridagi sumbula o‘tlari shunchaki o‘smaydi. Mahalliy aholining aytishicha, qadimda go‘zallikda tenggi yo‘q bir hurliqo sevgisiga erisholmagach, tog‘ sharsharasi “unguri”, ya’ni bag‘riga kirib g‘oyib bo‘lgan. Uning mayda o‘rilgan sochlari o‘rnidan sumbula o‘sib chiqadi. Hozirgacha bu sumbula o‘tlar sharshara bag‘rida devor bo‘lib o‘sib turganiga guvoh bo‘lish mumkin. Uning bargidagi marjon tomchilar o‘sha suluv qizning ko‘z yoshlari emish. 

Dengiz sathidan 2000 metr balandlikdan otilib tushuvchi sharshara tabiatning fusunkor mo‘jizasidir. Atrofdagi qoyalarga urilib yuksaklikdan oqadigan sharshara ko‘zni quvontiradi. Misli kamalakdek tovlanib, sachrayotgan zilol suv bahri dilingizni ochib, xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Uning suvi sovuq bo‘lsa-da, salomatlikka ziyon qilmaydi, aksincha, vujudni tetiklashtiradi. Sharsharaning tovushi asabni tinchlantirib, yurakka quvvat beradi.

                                                                                                                               Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA

Maqola muallifi:
010719977
+4
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK