» » ASOSIY VAZIFA – ODAMLARNING OG‘IRINI YENGIL QILISH
Murojaat yo`llash

Mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida 10 kun davomida Sherobod tumanida faoliyat olib borgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi boshchiligidagi ishchi guruh bugun o‘z ishini yakunladi.


O‘rganish natijalariga bag‘ishlab, bugun tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.Ikromov, viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanidek, Respublika, viloyat va tuman ishchi guruhlari a’zolari 106 ta ijtimoiy soha ob’ektlari hamda mavjud 48 ta mahalladagi 31 ming 646 ta xonadonda bo‘lishib, ularning muammolarini o‘rganishdi. Uyma-uy yurish natijasida aholi tomonidan ko‘tarilgan 8 780 ta turli mavzulardagi masalaning 7 287 tasi joyida hal etildi. Ayni paytda esa qolgan 1493 tasining ham ijobiy hal etilishi bo‘yicha ish olib borilyapti.

Fuqarolardan tushgan murojaatlar asosan turar joy, kommunal soha, sog‘liqni saqlash, oilalarga imtiyozli kreditlar ajratish, ta’lim sifati, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalalariga oid bo‘lib, murojaat qiluvchilarning o‘z dardu tashvishi bilan birga, keng jamoatchilikning muammolarini ko‘tarib chiqayotgani ularda yurt taqdiriga dahldorlik tuyg‘usi yuksalayotganidan dalolat beradi.


Xususan, muammolarni bartaraf etish jarayonida aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minotini yaxshilash, suyultirilgan gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, salomatligini mustahkamlash maqsadida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etish, bandligini ta’minlash, keksalar, nogironlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallalardagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Yig‘ilishda ishchi guruhlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar atroflicha muhokama etildi. Yechimi ma’lum muddatni talab etadigan masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, muammolarga tezkor va samarali yechim topishning bu kabi zamonaviy mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlab, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.

Maqola muallifi:
010719977
+5
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK