» » Angorlik yosh oilalarga uy-joy kalitlari topshirildi
Murojaat yo`llash
Joriy yil Mamlakatimizning barcha hududlarida ilk marotaba “Yoshlar kuni” keng bayram sifatida nishonlanmoqda. Jumladan, “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari, tuman-shaharlarda “Youth day” yugurish marafonlari o’tkazilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo’qotgan va kam ta’minlangan yoshlar holidan xabar olinib, sovg’alar ulashilib, bayram dasturxonlari yozilmoqda. “Baxtli oila quramiz” shiori ostida tuman-shaharlarda namunali ixchamlashtirilgan to’ylar o’tkazilishi davom etmoqda. Viloyatimizda yoshlar kuni bayrami arafasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg’usi bilan yashaydigan 44 nafar yoshlarimiz uy-joy bilan ta’minlanmoqda. Shunday tadbirlardan biri bugun Angor tumanida o’tkazildi. Davlat va jamoat hayotida faol ishtirok etayotgan, fan, ta’lim, madaniyat, sport, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishayotgan yosh oilalarni qo’llab-quvvatlash maqsadida yosh oilalarga namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joy kalitlari topshirildi. Tadbirda so’z olganlar yoshlarga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor va g’amxo’rlikdan mamnunliklarini, kelajakda bu uylarda kamolga yetadigan farzandlarini ham shu yurtga munosib insonlar bo’lib ulg’aytirish uchun bor kuch-g’ayratlarini safarbar etishliklarini bildirishdi. 30 iyun – “Yoshlar kuni” respublikamizning siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega sanalari qatoridan joy olmoqda. Viloyatimizda bayram tantanalari davom etmoqda.

Viloyat hokimligi axborot xizmati.

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+6
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK