» » Bojxona organlarida “Ishonch telefonlar”i 24/7 tizimida ishlamoqda
Murojaat yo`llash
So‘ngi paytlarda “Ishonch telefonlari” tizimi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi munosababtlarda “tez yordam” vazifasini bajarmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga oid ma’lum ishlarining tez va ijobiy hal bo‘lishiga aynan shu tizim yordam berayotgani hech kimga sir emas. Asosiysi, o‘z nomi bilan “Ishonch telefonlari” xalqning ishonchini tobora oqlamoqda.  
Davlat bojxona qo‘mitasi mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini himoya qiladi, bojxona chegaralaridagi tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi va ko‘rigini, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish, bojxona to‘lovlarini hisoblash va undirish, kontrabanda predmetlarining kirib kelishining oldini olishdek vazifalarni o‘z oldiga maqsad etgan ekan, tabiiyki muammoli masalalar yuzasidan bojxona organlarining “Ishonch telefonlari”ga ham murojaat qiluvchilar yo‘q emas. Misol uchun, Davlat bojxona qo‘mitasi “Ishonch telefonlari”ga 2018 yilning o‘tgan davrida kelib tushgan murojaatlarning aksariyati maslahat, bojxona yo‘nalishi bo‘yicha tushuntirishlar, shuningdek, bojxona xodimlarining hatti-harakatlari, chegara bojxona postlarida fuqarolarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, import qilingan tovarlarni bojxona postlarida rasmiylashtirish jarayoniga oid savollardan iboratdir.
Davlat bojxona qo‘mitasida (0-371) 120-76-33 telefon raqami ishonch telefoni sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyatida (0-376) 225-02-26 hududlarda har bir bojxona boshqarmasining ham alohida ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan fursat davomida ishonch telefonlari tadbirkorlarimizning ham ishonchli himoyachisiga aylanib bormoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida bojxona organlarining ishonch telefonlari orqali 1 ming 124 ta murojaatlar kelib tushgan. Shularning 428 tasi ya’ni 38 foizi bevosita Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati ishonch telefoni orqali kelib tushgan. 
Shu o‘rinda aytish kerak, Respublika hududiga kontrabanda, tovar moddiy boyliklari va strategik xom-ashyolarni noqonuniy olib kirilishi, aylanma yo‘llar orqali qo‘shni davlatlarga olib chiqilishining oldini olishda hamda yurtimizda tadbirkorlikning nopok yo‘llarini tanlagan ayrim kimsalarning kirdikorlarini fosh etishda “Ishonch telefoni” tizimi beminnat dastyorga aylanib bormoqda. 
Masalan, respublikamiz hududida rangli metallarning noqonuniy oldi-sotdisi ham aynan fuqarolarimiz tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasining “Ishonch telefonlari”ga kelib tushgan murojaatlari asosida aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari xodimlarining o‘z faoliyatlarini amalga oshirish jarayonida turli sansalorliklar, xizmat vazifalarini suiste’mol qilish, korrupsiya va boshqa noqonuniy xarakatlar sodir etilishini oldini olish – “Ishonch telefoni” faoliyatining yana bir maqsadli yo‘nalishidir. Ushbu mavzuga oid murojaatlar asosida Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining 4 nafar mansabdor shaxslari ogohlantirildi va ayrimlari intizomiy jazoga ham tortildi. 
Mazkur tizim faoliyatiga oid yana bir foydali ma’lumot shundan iboratki, “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilayotgan fuqaroga aloqaga chiqqan bojxona xodimi o‘zining ismi, sharifi, familiyasi va lavozimini aytishi shart hisoblansa, o‘z navbatida “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilgan shaxs ham o‘zini tanishtirishi, yashash manzili, telefon raqami, agar yuridik shaxs bo‘lsa, uning nomi, manzili va telefon raqami hamda murojaat mazmuniga oid ma’lumotni qisqacha bayon qilinishi kerak.
Ahamiyatlisi, “Ishonch telefoni” orqali ma’lumotlarni qayd etgan bojxona xodimi kelib tushgan ma’lumotlarning sir saqlanishi bo‘yicha barcha ma’suliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bu esa “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar konfeditsial saqlanishiga kafolatdir. 
Shuni ham unutmaslik kerak-ki, fuqarolarning ma’lumotlarini  “Ishonch telefoni”lari orqali qabul qilish haftaning barcha kunlari 24 soat uzluksiz amalga oshiriladi.
Gavhar Maxmudxonova 
Surxondaryo viloyati bojxona
 boshqarmasi axborot xizmati xodimi

Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
0
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK