Avstriyaning poytaxti Vena shahri bo‘lib, sanoati rivojlangan mamlakat hisoblanadi. Avstriya hududining asosiy qismi Alp tog‘lari bilan o‘ralgan bo‘lib, zamonaviy turizm markazidir. Avstriya o‘zining arxitekturasi va barokko usulidagi imoratlari bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelmoqda. 
Mazkur davlatning iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi tajribasini o‘rganish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishish maqsadida, Surxondaryo viloyati delegatsiyasi mamlakatdagi qator yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurdi.
Delegatsiyamiz meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi “Lemberona GmbH” kompaniyasining bosh direktori Jozef Bertagnol bilan uchrashdi. Samimiy muloqot davomida hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Bu borada hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng, delegatsiyamiz mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. 
Delegatsiya “Klinger” kompaniyasida ham bo‘lib, Bosh menejer Gyunter Yakobartol bilan uchrashdi. Mazkur kompaniyaning ixtisoslashtirilgan qoramolchilik fermasi hamda uning karantin markazi va oziq-ovqat bazasini ko‘zdan kechirishdi. O‘ziga xos texnologik jarayonlar delegatsiyamiz azolarida katta qiziqish uyg‘otdi. 
“Oberhofer Stalbau GmbH” Avstriyadagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri sanaladi. Mazkur qurilish konsernida bo‘lgan delegatsiya a’zolari uning Prezidenti Aleksandr Oberxofer bilan uchrashdi. Muloqotda sanoat korxonalari, fabrika va zavodlar, yirik bino va inshootlar, yo‘l va ko‘prik qurilishi loyihalari, ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlari hajmi borasida batafsil ma’lumotlar berildi. 
“Haslinger Stahlbau GmbH” Avstriyadagi yirik metall qurilmalar zavodi hisoblanadi. Mazkur zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega. Delegatsiyamiz a’zolari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga alohida e’tibor qaratdilar. 
Ta’kidlash joizki, Avstriyada bo‘lgan uchrashuvlar davomida yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi, va dastlabki kunda 50 million AQSh dollari miqdorida ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi. 
Delegatsiyamiz Vengriya va Slovakiya davlatlarida ham bo‘lishi rejalashtirilgan. 
Mazkur tashriflarning to‘liq tafsilotlari bilan tanishtirib boramiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati.


Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+15
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (1)
Nodir
#1 Nodir Sayt tashrifchisi 18 may 2018 22:20
Ajoyib yangilik!

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK