» » "Boysun bahori" ochiq folklor festivali
Murojaat yo`llash
Boysun tumanidagi xushmanzara Padang qishlog‘ida an’anaviy “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o‘tkazilmoqda. Padang qishlog‘ida har yilgidan-da o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilib, 20 dan ortiq davlat hamda respublikamizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Asosiy sahnada respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan folklor-etnografik xalq ansambllari va badiiy jamoalar, ikkinchi sahnada esa viloyatning shahar va tumanlaridan 16 ta badiiy jamoalar o‘zaro bellashashishdi.
Festival doirasida baxshilar ko‘rik-tanlovi, kurash musobaqalari va boshqa bir qator qiziqarli xalq o‘yinlari tashkil etildi. Shuningdek, milliy liboslar, taomlar hamda yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmalari o‘tkazildi. Festivalning yanada zavqli o‘tishini ta’minlash maqsadida tungi yoritish chiroqlari, to‘rtta uyali aloqa kompaniyasining yangi uskunalari o‘rnatilib, avtomobillar turarjoylari barpo etildi. Bayram o‘tadigan maydonda 100 dan ortiq o‘tov tikilib, ularda kosiblar, hunarmandlar, oshpazlar kabi 10 ga yaqin ovullar tashkil etildi. Bolalar ovulida viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan havola qilinadigan qiziqarli dasturlar bolajonlarga zavq ulashdi.
Joriy yilgi “Boysun bahori” ochiq folklor festivalida mamlakat va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Bes perde”, Andijon viloyatining “Zilol”, Buxoro viloyatining “Vardonze navolari”, Jizzax viloyatining “Bog‘don gullari”, Navoiy viloyatining “Vang‘ozi”, Namangan viloyatining “Yor-yor”, Samarqand viloyatining “Chavqi”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo navolari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Qurama”, Toshkent shahrining “Nodirabegim”, Farg‘ona viloyatining “So‘x chashmasi”, Qashqadaryo viloyatining “Oydinoy” folklor-etnografik jamoalarining 250 dan ortiq vakili ishtirok etishdi. Shuningdek, mahalliy va xorijlik mehmonlar Tojikiston Respublikasining “Padida” teatr jamoasi va tojikistonlik mashhur xonanda Shabnami Surayyo, Afg‘oniston Islom Respublikasining taniqli hofiz-xonandalari maxsus dasturlarini miriqib tomosha qilishdi.
So‘lim Boysun zaminidan havo shari ko‘kka ko‘tarilib, kechgi tadbirda baland tog‘lar atrofida gulxan yoqildi. Mushakbozlik o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ham ishtirok etishdi.
Milliy qadriyat va an’analarimiz tarannum etiladigan festival – “Boysun bahori” barcha-barchada katta taassurot qoldirib kelmoqda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati.




























Maqola muallifi:
Matbuot xizmati
+6
Maqolaga bildirilgan fikrlar: (0)

 *
© Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
www.uz
Sayt muallifi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi" DUK